O‘zbekistonda 20-mayda kuchga kirgan qonunga ko‘ra ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi qo‘riqlash xizmati mansabdor shaxslari tomonidan ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Qonunda qayd etilishicha, Milliy gvardiyaning Qo‘riqlash bosh boshqarmasi IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamenti sifatida qayta tashkil etilib, qo‘riqlash faoliyati sohasidagi aksariyat vakolatlar va vazifalar ushbu departamentga o‘tkazilgani qonunchilikni o‘zaro muvofiqlashtirish zaruratini yuzaga keltirdi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi”, “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘riqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar vakolatlarini aniq belgilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Quyidagi ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ichki ishlar organlari huzuridagi qo‘riqlash xizmatlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan ko‘rib chiqiladi:
- jamoat joylarida tamaki va alkogol mahsulotini iste’mol qilish;
- belgilanmagan joylarga chiqindilarni tashlash va to‘kish;
- voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish;
- maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish va boshqalar.
- oz miqdorda talon-toroj qilish;
- mayda bezorilik;
- diniy materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish;
- quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish;
- sovuq qurolni olib olib yurish;
- voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish va boshqalar.








