Daryo

Tramp maslahatchilari Eronga zarbalarni tezroq to‘xtatib, g‘alaba e’lon qilishga chaqirdi

Vashingtonda Eronga qarshi operatsiya bo‘yicha tushunmovchiliklar yuzaga keldi. AQSH prezidenti missiyani 5 haftada tugatishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, maxfiy hujjatlar urush kamida 100 kun davom etishini ko‘rsatmoqda.

2 daqiqa o‘qish12 910 ko‘rishlar0 izoh15

AQSH prezidenti Donald Trampning maslahatchilari va yaqin ittifoqchilari Eronga qarshi harbiy amaliyotni imkon qadar tezroq yakunlashga hamda AQSHni g‘olib deb e’lon qilishga chaqirmoqda. Bu haqda CNN manbalariga tayanib The Moscow Times xabar berdi.

Manbalarning ta’kidlashicha, harbiy harakatlar boshlanganidan bir necha kun o‘tgach, Oq uy mulozimlari va ittifoqchilari o‘rtasida aniq maqsadga ega bo‘lmagan hamda jamoatchilik tomonidan sust qo‘llab-quvvatlanayotgan uzoq muddatli urushning siyosiy oqibatlari borasida xavotirlar paydo bo‘lgan.

Xususan, rasmiylar ushbu urush noyabr oyiga belgilangan Kongressga oraliq saylovlarda respublikachilarning natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan cho‘chimoqda.

“Bu shubhasiz siyosiy tavakkalchilik. Keling, hech qanday yomon holat sodir bo‘lmasligiga umid qilaylik. Chunki agar shunday bo‘lsa, bu katta muammoga aylanadi”, deydi AQSH prezidenti maslahatchilaridan biri.

CNN manbalariga ko‘ra, hatto Eronga zarbalar berilmasidan oldin ham maslahatchilar Trampni ushbu amaliyotdan voz kechishga ko‘ndirishga uringan. Urush boshlangach esa bir necha kun davomida nizoni oqlash uchun ishonchli izoh ishlab chiqishga harakat qilgan. Bu holat yuqori martabali mulozimlar tomonidan bir-biriga zid bayonotlar berilishiga va Oq uyning kommunikatsiya strategiyasida chalkashliklarga olib kelgan.

“Tezkor g‘alaba” ssenariysi

Hozirda Trampning ayrim ittifoqchilari AQSH bir necha hafta ichida amaliyotning asosiy qismini yakunlab, Eronning harbiy salohiyatini sezilarli darajada zaiflashtiradigan ssenariyga umid qilmoqda. Bu prezident ma’muriyatiga g‘alaba e’lon qilish va saylovlar oldidan ichki muammolarga e’tibor qaratish imkonini beradi.

Biroq tahlilchilarning fikricha, hatto ushbu ssenariy amalga oshgan taqdirda ham, Tramp uchun siyosiy manfaatlar cheklangan bo‘ladi. Chunki saylovchilar, birinchi navbatda, mamlakatdagi iqtisodiy muammolarning yechimini kutmoqda.

Avvalroq Tramp harbiy amaliyot to‘rt-besh hafta davom etishini aytgan edi. Ammo Politico nashri tanishib chiqqan Pentagonning ichki hujjatiga ko‘ra, operatsiya kamida 100 kun, ya’ni sentyabr oyigacha davom etishi mumkin.

Ayni paytda Pentagon razvedka ma’lumotlarini yig‘ish bilan band bo‘lgan amerikalik harbiylar sonini shoshilinch ravishda oshirishni boshlagan. Davlat departamenti Yaqin Sharqdan AQSH fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun qo‘shimcha resurslar ajratmoqda.

Nashrning yozishicha, bu holatlar AQSH ma’muriyati o‘zi to‘qnash kelgan keng ko‘lamli urushga to‘liq tayyor bo‘lmaganidan dalolat beradi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar