Shavkat Mirziyoyev axaltaka otlari bo‘yicha “Sharq marvaridi — 2026” jahon chempionati g‘oliblariga yo‘llagan tabrigida musobaqa ishtirokchilari va mehmonlarini qutladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari musobaqalarda yuksak mahorat, jasorat va milliy an’analarga sadoqat namunasini ko‘rsatgan g‘olib hamda sovrindorlarni tabriklab, ular erishgan natijalarni alohida e’tirof etdi.
Qayd etilishicha, tantanali marosim Ashxobod shahridagi “Ashxobod” bog‘ida o‘tkazilgan. Prezident ushbu maskan o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch hamda mushtarak ma’naviy ildizlarning yorqin timsoli ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, davlat rahbari Markaziy Osiyo xalqlari uchun ot azal-azaldan ozodlik, mardlik, sadoqat, matonat va nafosat timsoli bo‘lib kelganini qayd etdi. Unga ko‘ra, bugungi kunda ham qardosh xalqlar chavandozlik san’atini rivojlantirib, bebaho merosni davom ettirmoqda.
Prezident nutqida Turkmanistonda ot sportini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham yuqori baho berilgan. Xususan, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli mamlakat xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlab borayotgani qayd etildi.
Mirziyoyev axaltaka tulporlari nafaqat turkman xalqining milliy iftixori, balki butun mintaqa madaniy merosining noyob durdonasi sifatida qadrlanishini ta’kidladi. Shuningdek, Turkmanistonda o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar, ilmiy forumlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar chavandozlik san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirayotganini bildirdi.
Davlat rahbari Yangi O‘zbekistonda ham milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, noyob an’analarni kelajak avlodlarga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda milliy sport turlarini rivojlantirish, ot sportini ommalashtirish, nasldor yilqichilikni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy infratuzilma yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, mohir chavandozlar, tajribali sayislar va mutaxassislar yosh avlodni vatanparvarlik, azm-u shijoat va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.
Prezident O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish hamda ikki xalqning azaliy do‘stligini yanada mustahkamlash yo‘lida hamkorlik davom ettirilishini bildirdi.
Tabrik yakunida Shavkat Mirziyoyev musobaqa g‘olib va sovrindorlarini yana bir bor tabriklab, ularga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.








