Rossiya va Ukraina 15-may kuni “205 ga 205” formulasi bo‘yicha navbatdagi asirlar almashinuvini amalga oshirdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Kiyev “rejimi” nazoratidagi hududdan 205 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi qaytarilgan. Buning evaziga Ukraina Qurolli kuchlarining 205 nafar asiri topshirilgan.
Jarayonda Birlashgan Arab Amirliklari gumanitar vositachilik yordamini ko‘rsatgan. Hozirda rossiyalik harbiylar Belarus hududida bo‘lib turibdi. U yerda ularga zaruriy psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Tez orada barcha harbiylar Rossiyaga olib ketiladi va Mudofaa vazirligi muassasalarida reabilitatsiyadan o‘tadi.
Ukraina munosabati
Ukraina prezidenti o‘zining Telegram kanalida asirlar almashinuvini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “1000 ga 1000” formatidagi yirik almashinuvning birinchi bosqichidir. AQSH prezidenti Donald Tramp may oyi boshida Moskva va Kiyev uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgandi. Ushbu sulh doirasida tomonlar 1000 ga 1000 shaklida harbiy asirlar almashishga kelishib olgandi.
Qaytarilgan ukrainaliklar orasida Qurolli Kuchlar, Milliy gvardiya va Davlat chegarani himoya qilish xizmati jangchilari bor. Shuningdek, oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar ham mavjud. Ularning ko‘pchiligi 2022-yildan beri asirlikda bo‘lgan.
Ushbu harbiylar o‘z vaqtida Mariupol, Azovstal, Donetsk, Lugansk, Xarkov, Xerson, Zaporojye, Sumi, Kiyev yo‘nalishlari va Chernobil AESni himoya qilgan. Oxirgi marta 24-aprel kuni tomonlar har biri 193 nafardan asir almashgandi. O‘shanda ham jarayonda BAA va AQSH vositachilik qilgan.








