Rossiya va Ukraina o‘rtasida 5-mart kuni navbatdagi asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Har ikki tomon 200 nafardan harbiy xizmatchini o‘z vataniga qaytardi. Bu haqda “RIA Novosti” va Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, “Kiyev rejimi” nazoratidagi hududlardan 200 nafar rossiyalik harbiy qaytarilgan. Buning evaziga Ukraina Qurolli kuchlarining 200 nafar asiri topshirilgan.
Hozirda rossiyalik harbiylar Belorussiya hududida bo‘lib turibdi. U yerda jangchilarga zaruriy psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shundan so‘ng ular davolanish va reabilitatsiya uchun Rossiyaga olib ketiladi. Mazkur jarayonda Birlashgan Arab Amirliklari va AQSH vositachi sifatida ishtirok etdi.
“500 ga 500” sxemasi: Jeneva kelishuvlari amalda
Rossiya delegatsiyasi rahbari va prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy 5 va 6-mart kunlari jami “500 ga 500” sxemasi bo‘yicha asirlar almashinuvi amalga oshirilishini e’lon qildi. Ushbu jarayon 2026-yilning 17-18-fevral kunlari Jenevada erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.
“Hech kimni unutmaymiz”
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy asirlar qaytishi yuzasidan bayonot berib, har bir fuqaroni vatanga qaytarish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.
“Har safar odamlarimiz uyga qaytganda, bu Ukraina har bir insonni qaytarish ustida ishlayotganini isbotlaydi. Biz hech kimni unutmaymiz. Buning uchun vositachilarni jalb qilyapmiz. Ukrainaga yordam berayotgan barchadan minnatdorman. Ushbu almashinuvni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSHga rahmat aytaman”, dedi Zelenskiy.








