Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati AQSHning mashhur The New York Times (NYT) nashriga nisbatan tuhmat bo‘yicha da’vo ariza kiritishni rejalashtirmoqda. Bunga nashrda falastinlik mahbuslarga nisbatan keng ko‘lamli jinsiy zo‘ravonlik qilingani haqidagi maqola e’lon qilingani sabab bo‘ldi. Bu haqda CBS news xabar berdi.
Jurnalist Nikolas Kristof tomonidan yozilgan maqolada isroillik ko‘chmanchilar yoki xavfsizlik kuchlari xodimlari tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini aytgan 14 nafar erkak va ayol bilan o‘tkazilgan intervyular keltirilgan. Kristofning o‘zi ba’zi holatlarni tasdiqlashning imkoni bo‘lmaganini qayd etgan.
Isroil rasmiylari ushbu hisobotni keskin qoraladi. Netanyaxu idorasi buni “Isroil davlatiga qarshi chop etilgan eng jirkanch va buzib ko‘rsatilgan yolg‘onlardan biri” deb atadi.
14-may kuni berilgan bayonotda:
“Netanyaxu va tashqi ishlar vaziri Gidon Saar The New York Times nashriga nisbatan tuhmat bo‘yicha sud jarayonini boshlash haqida ko‘rsatma berdi”, deyiladi.
Netanyaxu X tarmog‘ida uning huquqiy maslahatchilari nashr va jurnalistga nisbatan eng qattiq huquqiy choralarni ko‘rib chiqishini yozdi.
NYT 13-may kuni maqolani himoya qilib chiqdi. Nashr vakili Charli Shtadtlanderning so‘zlariga ko‘ra, 14 nafar jabrlanuvchining ko‘rsatmalari guvohlar, oila a’zolari va advokatlar orqali tasdiqlangan. Ma’lumotlar inson huquqlari guruhlari hisobotlari va hatto BMT guvohliklari bilan solishtirilgan. Faktlarni tekshirish jarayoniga mustaqil ekspertlar jalb qilingan.
Sudda g‘alaba qozonish imkoniyati bormi?
Huquqshunos ekspertlarning fikricha, Isroil hukumatining AQSHda bu ish bo‘yicha g‘alaba qozonishi deyarli imkonsiz. Bunga esa bir nechta sabablar bor, jumladan:
1. AQSH qonunlariga ko‘ra, hukumatning o‘zi tuhmat bo‘yicha da’vo ocha olmaydi. Agar Netanyaxu alohida shaxs sifatida murojaat qilsa, u maqolada aynan unga qaratilgan tuhmat borligini isbotlashi kerak.
2. AQSH Oliy sudining tarixiy qaroriga ko‘ra, amaldorlar nashr ustidan g‘alaba qilishi uchun jurnalistning qasddan yolg‘on yozgani yoki “haqiqatni bila turib mensimaganini” isbotlashi shart.
3. Yale universiteti professori Jed Rubenfeldning aytishicha, agar maqolada aniq bir shaxsning ismi keltirilmasa, bu hukumatni tanqid qilish hisoblanadi.
Isroil tarixida bunday holat birinchi marta emas. 1983-yilda sobiq mudofaa vaziri Ariel Sharon Time jurnalini sudga bergan edi. O‘shanda sud xabarni noto‘g‘ri deb topgan bo‘lsa-da, nashrda “yomon niyat” bo‘lmagani sababli Sharon ishni yuta olmagan.
Shuningdek, Donald Tramp ham 2024-yilda CBS News telekanalini sudga berib, 2025-yilda 16 million dollar undirib olgan. Biroq Tramp ishi bo‘yicha tomonlar sudgacha o‘zaro kelishuvga erishgan. Hozircha Isroil da’voni qayerda — AQSHdami yoki Isroildami — kiritishi va da’vogar aynan kim bo‘lishi aniq emas. Ekspertlar Netanyaxu uchun bu jarayon o‘ta qiyin kechishini prognoz qilmoqda.








