Rossiya harbiy qoʻmondonlari prezident Vladimir Putinni 2026-yil kuziga qadar Donetsk va Lugansk viloyatlarining butun hududi ustidan nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘lishlariga ishontirdi. Bu haqda Kremlga yaqin manbalar va Ukraina razvedkasi baholariga tayanib, Financial Times xabar berdi.
Rossiya prezidenti bilan suhbatlashgan ikki manbaga ko‘ra, Putinning Donbassni to‘liq egallash istagi tobora kuchayib bormoqda. U urushning dastlabki bosqichlarida front chizig‘i bo‘ylab jangovar harakatlarni muzlatishga tayyor edi.
Men uni (Putinni) hozirgi front chizig‘ida to‘xtashga undadim. Ammo u “Yo‘q, men bu borada murosaga bora olmayman”, deya turib oldi, dedi manbalardan biri.
Putinning “Ukraina mudofaa tizimi tez orada qulashi” haqidagi ishonchiga na Rossiya iqtisodiyotining zaiflashuvi va na frontdagi past sur’atdagi siljishlar ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda. Uch manbaga ko‘ra, Rossiya prezidenti butun Donbassni egallash “har qanday sulh narxini oshirishi” va kelajakda boshqa hududiy da’volarni ilgari surish imkonini beradi, deb hisoblaydi.
“Haqiqat shundaki, Rossiya hali ham jang maydonida g‘alabaga erishishga harakat qilmoqda va o‘zining maksimal talablariga amal qilmoqda”, dedi yuqori martabali nemis diplomati.
Ukraina razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vadim Skibitskyining fikricha, Donbassdagi muvaffaqiyat Rossiyaga Zaporojye va Xerson viloyatlarining butun hududiga da’vo qilish imkonini beradi. Hozirda Rossiya qo‘shinlari ushbu viloyatlarning faqat bir qismini nazorat qilmoqda.
“Rossiya uchun Xerson va Zaporojye viloyatlarini bosib olish Donbassni egallashdan ham qiyinroq bo‘ladi. Ushbu mintaqalarning eng yirik shaharlari Dnepr daryosining narigi sohilida, ya’ni Putin qo‘shinlari tark etgan yoki hech qachon egallay olmagan hududlarda joylashgan”.
Urushni to‘xtatish bo‘yicha norasmiy muzokaralarda ishtirok etgan manbalar Putinning “haqiqiy ambitsiyalari” hali ham Ukrainaning katta qismi, jumladan, Kiyev va Odessa ustidan nazorat o‘rnatish ekanini aytmoqda.
“U Zaporojyeni olmaydi, Donbassni olmaydi, Xersonni olmaydi. Ammo yodingizda bo‘lsin, reja har doim Kiyevni qoʻlga kiritishdan iborat bo‘lgan. Vazifa qo‘yilgan va bajarilishi kerak”, dedi FT suhbatdoshlaridan biri.
Uning aytishicha, Rossiya prezidentiga “ukrainaliklar qiynalayotgani, ularning fronti qulayotgani va odamlari tugayotgani” haqida ma’lumotlar yetkazilmoqda.
9-may kuni prezident Vladimir Putin Rossiyaning hududiy ambitsiyalari hozirgi talablardan ham kengroq bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi. Undan Ukrainaning dron hujumlari Rossiya Ukraina hududida “xavfsizlik zonasi”ni kengaytirishi kerakligini anglatadimi, deb so‘ralganda, u “Savolga o‘zingiz javob berdingiz. Biz hech kim tahdid solmasligini ta’minlashimiz kerak, tamom”, deya javob qaytardi.








