Ukraina hukumati Rossiya Qurolli kuchlarining 2026—2027-yillarga mo‘ljallangan hujum rejalarini qo‘lga kiritdi. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiy jurnalistlar bilan suhbatda xabar berdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning maqsadi Donetsk va Lugansk viloyatlarini to‘liq bosib olish, Zaporoje viloyatida oldinga siljish, Dnepr shahri va Odessa viloyati yo‘nalishida harakatni davom ettirishdan iborat.
Ukraina prezidenti Rossiya bu maqsadlarga erishish uchun yetarli kuchga ega emasligini aytdi. Shuningdek, rus armiyasi 2025-yil uchun belgilangan vazifalarini bajarmaganini ta’kidladi.
“Biz 2025—2026—2027-yillarga mo‘ljallangan rejalarni qo‘lga kiritdik, 2025-yilgi hujjat biroz eskirgan. Ular o‘z maqsadlarini amalga oshira olmaganini ko‘ryapmiz. 2026—2027-yilgi rejalarini ham oldik va nimani xohlashayotganini tushunamiz. Rossiya uchun davlatimiz sharqini, xususan, Donetsk va Lugansk viloyatlarini bosib olish dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Ular, shubhasiz, Zaporojye va Dnepr yo‘nalishida ham davom etishni xohlaydi. Ularga qiyin, ammo Odessa viloyatiga ham ko‘z tikishmoqda. Biz bu yo‘nalishlarni ko‘rib turibmiz. Ammo bu xaritalar hozirgi real vaziyatga mos kelmaydi, chunki ular oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajara olmayapti”, deya Zelenskiyning so‘zlarini keltiradi “Ukrinform” agentligi.
Ukraina prezidentining aniqlik kiritishicha, Rossiya armiyasi 2026-yil bahoriga rejalashtirgan hujum 2025-yil oxiriga mo‘ljallangan maqsadlarga erishishga bog‘liq edi. Natijada “ular mart oyida boshlamoqchi bo‘lgan hujumni hozir boshlay olmayapti”, deya ta’kidladi Zelenskiy.
Shuningdek, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozircha umumiy safarbarlik e’lon qilishni rejalashtirmayotganini aytdi. Zelenskiy bu ma’lumotni Ukraina razvedkasiga tayanib bildirildi.
“Bahorda hujum bo‘lish-bo‘lmasligini va qachon bo‘lishini ham bilmayman. Ular hujum qilishni istaydi, lekin hozircha bunga kuchlari yetarli emas… Hammasi shartnomalarga, hujumlarga, qurol-yarog‘ga, bizga qurol yetkazib berilishiga, shuningdek, o‘zimizning ishlab chiqarishimizga bog‘liq”, dedi Ukraina prezidenti.








