Daryo

“Rossiya urushda yutqazdi, deb o‘ylamang” — Ukraina sobiq bosh qo‘mondoni

Valeriy Zalujniy urush taqdirini endi frontdagi siljishlar emas, boshqa omillar belgilayotganini aytdi. U na Rossiya Ukrainani to‘liq bosib olishga, na Ukraina bosib olingan hududlarini harbiy kuch bilan ozod etishga qodirligini ta’kidladi.

3 daqiqa o‘qish15 379 ko‘rishlar0 izoh9

Ukraina armiyasi sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy urushda “Rossiya mag‘lub bo‘layapti” deb o‘ylamaslikka chaqirdi. U bu haqda The Telegraph gazetasidagi maqolasida ma’lum qildi va buning sababini tushuntirdi.

Zalujniy hozirda Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U yaqida Ukraina prezidentligiga nomzodini qo‘yish niyatida ekani ma’lum qilingandi. Zalujniy g‘arb tahlilchilari orasida “Rossiya urushda amalda mag‘lub bo‘lgani” haqidagi fikrlar ko‘payganini aytdi. Ammo bu “noto‘g‘ri talqin” ekanini ta’kidladi.

“Ular (tahlilchilar) Ukrainaning logistika obyektlariga bergan muvaffaqiyatli zarbalari, infratuzilmaga hujumlari va Rossiyaning harbiy pozitsiyalari zaiflashayotganini urush yakuniga yaqinlashayotganining isboti sifatida ko‘rsatmoqda. Bu urushni noto‘g‘ri talqin qilishdir.

Bu keng qamrovli strategik manzarani emas, balki voqealarni jang maydonidagi individual muvaffaqiyatlar nuqtai nazaridan talqin qilish tendensiyasini aks ettiradi”, dedi Ukraina armiyasi sobiq bosh qo‘mondoni.

U zamonaviy urushlarda kichik, vaqtinchalik g‘alabalar oldingidek katta rol o‘ynamasligini aytdi. Chunki turli harbiy texnologiyalar vaziyatga ta’sir qilayotganini bildirdi.

“Dron texnologiyasi, aniq zarba berish imkoniyati va kuzatuv sohasidagi yutuqlar jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirib, har ikki tomon uchun hal qiluvchi yutuqlarga erishishni favqulodda qiyinlashtirdi. Bu — tezkor manyovrlar urushi emas. Bu — holdan toydirish urushi”, dedi Zalujniy.

U har bir taktik yutuq endi favqulodda qimmatga tushishini aytdi. Sobiq bosh qo‘mondon pozitsiyalarni egallash mumkinligi, ammo ularni ushlab turish, mustahkamlash va yaradorlarni evakuatsiya qilish dronlarning doimiy nazorati ostida tobora qiyinlashayotganini ta’kidladi.

“Jang maydonidagi muvaffaqiyat millarda emas, balki metrlarda o‘lchanadi va ko‘pincha uning strategik qiymatiga deyarli aloqasi bo‘lmagan narxda baholanadi. Frontdan tashqarida ham xuddi shunday. Ukrainaning Rossiya logistikasi va muhim infratuzilmasiga qarshi samarali zarbalari Moskvaga real xarajatlarni yukladi.

Ammo bu hujumlar qimmat, texnologik jihatdan murakkab va oxir-oqibat har ikki tomon uchun ta’sirga ega. Rossiya teng yoki kattaroq kuch bilan zarba berish imkoniyatiga ega. Hech bir tomon urushning bu shakli hal qiluvchi strategik natija ekaniga tayanolmaydi”, dedi u.

Foto: Kiyevga qilingan hujum / Reuters

Shu bilan birga, Zalujniy Rossiya Ukrainani butunlay bosib olish uchun harbiy qudratga ega emasligini aytdi. U Ukrainada ham bosib olingan hududlarini faqat kuch bilan ozod qilish imkoniyati yo‘qligini ta’kidladi.

Demak, Rossiya mag‘lub bo‘ldimi?

“Agar bu Kreml urushda dastlabki siyosiy maqsadlariga erishgan-erishmagani bilan o‘lchansa, unda erisha olmagani aniq. Ammo mag‘lubiyat faqat boshlang‘ich maqsadlarga erisha olmaslik bilan belgilanmaydi. Rossiya urushni davom ettirmoqda, Ukrainaning salmoqli hududini egallab turibdi va urushni mag‘lubiyatni tan olishga teng shartlar bilan tugatish niyatida emas. Ukraina ham hozircha mutlaq g‘alabani da’vo qila olmaydi”, deya tushuntirdi Ukrainaning Britaniyadagi elchisi.

U Rossiya o‘zining asosiy maqsadlariga erishishiga Ukraina to‘sqinlik qilganini aytdi. Shunindek, Rossiya iqtisodiyoti va harbiylariga jiddiy zarar yetkazganini ham ta’kidladi.

“Shunga qaramay, u (Ukraina) G‘arbning moliyaviy yordami, harbiy texnikasi va texnologik ko‘magiga qattiq bog‘lanib qolgan va ayni paytda o‘zining kuchayib borayotgan ichki bosimlariga duch kelmoqda. Moskva buni tushunadi. Uning strategiyasi tobora tezkor yutuqlarga emas, balki Ukrainani iqtisodiy, harbiy va psixologik jihatdan holdan toydirishga asoslanmoqda”, dedi Valeriy Zalujniy.

Foto: Kiyevga qilingan hujum / Reuters

Siyosatchi Rossiya hali ham bir qancha muhim sohalarda, jumladan, ballistik raketalar ishlab chiqarishda katta ishchi kuchi va sanoat salohiyati zaxiralariga egaligini aytdi. Ukrainaning urushni davom ettirish qobiliyati ko‘p jihatdan ittifoqchilarining uzluksiz qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liqligini ta’kidladi.

Vashingtondagi siyosiy o‘zgarishlar va Yevropadagi davom etayotgan kelishmovchiliklar bugungi darajadagi yordamni cheksiz muddat davom ettirish mumkinmi, degan asosli savollarni tug‘dirmoqda.

Shuning uchun ham endi urush to‘g‘risida faqat frontdagi harakatlarga qarab fikr yuritish mumkin emas. Mojaro logistika, sanoat salohiyati, muhim infratuzilma, havo mudofaasi va oxir-oqibat jamiyat bardoshliligi uchun kurashga aylandi, deya xulosa qildi u.

Zelenskiy 2024-yil fevral oyida Zalujniyni ishdan bo‘shatib, uni Londonga elchi etib yubordi. Tahlilchilar buni prezidentning siyosiy raqobatchisini yo‘q qilishga urinishi deb baholadi. So‘rovlarga ko‘ra, ehtimoliy prezidentlik poygasida Zalujniy Zelenskiydan oldinda.

U lavozimidan olganidan buyon harbiy qarorlar qabul qilishda ishtirok etmayotganini ta’kidladi. Ayrim tahlilchilar fikricha, Zalujniyning mamlakatdagi kundalik siyosiy jarayonlardan chetda bo‘lishi uning mashhurligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar