Rossiya “sovet xalqining ulug‘ vatan urushidagi g‘alabasini nishonlash sharafiga” 8-9-may kunlari o‘t ochish to‘xtatilishini e’lon qildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bunga javoban frontda 5-maydan 6-mayga o‘tar kechasi “sukunat rejimi” amal qilishini aytdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
“Umid qilamizki, Ukraina tomoni ham bundan o‘rnak oladi”, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.
Vaqtinchalik otashkesim Moskvada bo‘lib o‘tadigan parad oldidan va prezident Vladimir Putinning qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi e’lonidan ko‘p o‘tmay, Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda shunday deb yozdi:
“Bugungi kunga qadar Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilinayotgan harbiy harakatlarni to‘xtatish usullari bo‘yicha Ukrainaga hech qanday rasmiy murojaat bo‘lmadi. Bizningcha, inson hayoti har qanday yubileyni ‘nishonlash’dan ko‘ra qadrlidir. Shu munosabat bilan 5-maydan 6-mayga o‘tar kechasi soat 00:00 dan boshlab sukunat rejimini e’lon qilamiz. Shu vaqtgacha sukunatni ta’minlashga erishish realdir. Ko‘rsatilgan vaqtdan boshlab ko‘zgu kabi harakat qilamiz. Agar Rossiya Mudofaa vazirligi Moskvada paradni Ukrainaning xayrixohligisiz o‘tkaza olmaymiz, deb hisoblayotgan bo‘lsa, demak Rossiya rahbariyatiga o‘z urushini yakunlash uchun real qadamlar tashlash vaqti keldi”, deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari.
Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida Ukraina prezidentining “9-may kuni Moskva paradida dronlar uchirish” tahdidiga ham munosabat bildirdi.
“Rossiya 9-mayda parad o‘tkazishini e’lon qildi, ammo bu paradda harbiy texnika ishtirok etmaydi. Agar chindan ham shunday bo‘lsa, ular uzoq yillar davomida birinchi marta paradni harbiy uskunalar bilan o‘tkazishni o‘zlariga ravo ko‘rolmaydi. Ukraina dronlari ham ushbu paradga uchib kelishi mumkin. Bu ularning avvalgidek kuchli emasligini ko‘rsatadi”, degan edi Ukraina prezidenti.
Rossiya agar “Kiyev rejimi g‘alabaning 81-yilligini nishonlashni buzish maqsadida o‘zining jinoiy rejalarini amalga oshirishga urinsa”, Ukraina poytaxtiga ommaviy raketa hujumi qilinishidan ogohlantirdi.








