Daryo

Zelenskiy Rossiyaga hududiy yon bermasligi sababini aytdi

Ukraina prezidenti 2 yildan so‘ng okean va dengiz ham davlatlarni xavfdan himoya qilmasligini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qish510 ko‘rishlar0 izoh4
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bosib olingan hududlardan yangi hujumlar uchun “tramplin” sifatida foydalanmoqda, shu sababli Ukraina hududiy yon berishga rozi emas. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiy Le Point nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi ommaviy axborot vositalari “ukrainalik askarlar sharqiy hududlarni tark etganida tinchlik o‘rnatilgan bo‘lardi”, deb yozmoqda. Ukraina prezidenti bu haqiqatdan yiroq ekanini aytdi. U 2014-yil bosib olingan Qrimni misol qilib keltirdi. Mazkur bosqin Rossiyaga 2022-yil Ukraina janubini egallashda “tramplin” vazifasini o‘tagan.

“U (Putin) 2014-yilda mamlakatimiz sharqining bir qismiga bostirib kirib, undan hududlarni to‘liq bosib olish uchun platsdarm sifatida foydalandi. Agar ertaga biz qandaydir tarzda Donbassni tark etsak, Putin uchun bir yarim million aholisi bo‘lgan Xarkov shahri yaqinidagi himoyasiz hududni ochib bergan bo‘lardik. Bu hech qachon sodir bo‘lmaydi. Putin sanoat markazi — Dneprni ham egallab olgan bo‘lardi”, dedi Zelenskiy.

​Ukraina rahbari hududiy yon bosish rossiyalik hamkasbi uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. Agar Putin butun Ukrainani egallasa, undan “tramplin” sifatida foydalanishini bildirdi.
“U buni amalga oshiradimi yoki yo‘qmi, Yevropaning qat’iyatiga bog‘liq. Agar Yevropa kuchli bo‘lsa, u ehtimol hech narsa qilmaydi, lekin zaif bo‘lsa, Rossiyaning harakatlariga bo‘ysunadi. Moskva bilan Parij o‘rtasidagi masofa 3000 kilometrdan kam. Ammo bugungi kunda Rossiya Ukrainaga qarshi qo‘llayotgan raketalar 2500 kilometr masofani bosib o‘tadi. Bizning o‘zimizda 3000 kilometr masofaga uchadigan raketalar bor”, dedi prezident.
​

U urush nafaqat Yevropada, balki Rossiyada ham texnologik rivojlanishga turtki bo‘layotganini bildirdi.

"Ishoning, ikki yildan so‘ng rossiyaliklar ham, biz ham 5000 kilometr masofaga mo‘ljallangan ko‘plab raketalarga ega bo‘lamiz. Dengiz va okean hech kimni himoya qila olmaydi. Raketalar kelajakda hatto 10 000 kilometr masofaga ham yetib borishi mumkin. Bu jihatdan bugungi kunda Rossiya foydalanayotgan qurollar yadro qurolini yetkazib berish tizimlaridan unchalik farq qilmaydi”, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
​

U bunga misol sifatida “Oreshnik” raketasini keltirdi. Ukraina prezidentiga ko‘ra, bu raketa bir nuqtaga qaratilgan bo‘lsa-da, u yerdagi vaziyatdan qat’i nazar, qancha odam yashashidan qat’i nazar, butun atrofdagi hududga ham zarar yetkazadi.

“Bu shuni anglatadiki, ushbu quroldan foydalanish mantig‘i yadroviy raketalarnikiga o‘xshash bo‘lishi mumkin”, deya xulosa qildi prezident.
​

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar