Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qizil maydonda bo‘lib o‘tgan Gʻalaba paradida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Laos prezidenti Txonglun Sisulit, Malayziya podshohi Sulton Ibrohim, Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso hamda boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari qatnashdi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba millionlab insonlarning jasorati, matonati va fidoyiligi evaziga qo‘lga kiritilgan tarixiy voqea bo‘lgan. Qayd etilishicha, ushbu g‘alabaga O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi ham munosib hissa qo‘shgan.
Urush arafasida O‘zbekiston aholisi 6 million nafardan oshgan bo‘lib, o‘sha yillarda qariyb 2 million o‘zbekistonlik frontga safarbar etilgan. Qonli janglarda 538 mingdan ortiq yurtdosh halok bo‘lgan, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qolgan.
Shuningdek, 214 mingdan ortiq o‘zbekistonlik askar va ofiser jangovar orden hamda medallar bilan taqdirlangan. 301 nafar yurtdosh Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan, 70 nafari esa “Shon-sharaf” ordenining to‘liq kavaleri bo‘lgan.
O‘zbekiston xalqining front ortidagi mehnati ham g‘alabaga katta hissa bo‘lib qo‘shilgani qayd etildi. Respublika frontning ishonchli tayanchiga aylangani, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va qurol-yarog‘ yetkazib bergani ta’kidlandi. Shuningdek, urush davrida O‘zbekistonda 170 dan ortiq evakuatsiya qilingan korxona joylashtirilgan.
Qayd etilishicha, urush yillarida O‘zbekiston 1,5 milliondan ortiq evakuatsiya qilingan insonni, jumladan, 250 mingdan ziyod yetim bolani qabul qilgan. Bu xalqning insonparvarligi va bag‘rikengligining yorqin namunasi sifatida tilga olingan.
Parad yakunlanganidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqa yetakchilar bilan birgalikda Aleksandr bog‘idagi Noma’lum askar qabriga gul qo‘ydi. Marosim bir daqiqalik sukut, faxriy qorovul va harbiy orkestrning tantanali yurishi bilan yakunlandi.








