Shaxmat bo‘yicha amaldagi Jahon chempioni Gukesh Dommaraju Varshavada o‘tkazilayotgan Grand Chess Tour musobaqasining ilk bosqichi doirasida bergan intervyusida 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turniri g‘olib Javohir Sindorov haqida fikr bildirdi.
“Javohir Nomzodlar turnirida erishgan natija shunchaki hayratlanarli va u dominant o‘yin namoyish etdi. Sindorov o‘tgan yili Jahon Kubogini yutib, o‘zining qanchalik kuchli ekanligini ko‘rsatgan edi. Uning elitaga olib kirgan yangi energiyasi shaxmat olami uchun juda foydali”, deydi Gukesh.
Shuningdek, amaldagi chempion jahon shaxmat toji uchun o‘tkaziladigan bellashuvga to‘xtalib o‘tdi:
“Javohir va men deyarli tengdoshmiz. Nomzodlar turniri va Jahon chempionligi uchun o‘yin bu butunlay boshqa darajadagi musobaqalardir. Shuning uchun hozirgi natijalardan uzoq muddatli xulosa chiqarmagan bo‘lardim. Oldinda bizni juda hayajonli bahs kutmoqda”.
Gukesh Jahon chempionligi uchun kechadigan bahs favoriti kim bo‘lishi haqidagi savolga quyidagicha javob berdi:
“Odatdagidek, men favoritlarga ishonmayman. Kim o‘sha belgilangan kunda o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Mening maqsadim bor mahoratimni ko‘rsatish”.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju hamda da’vogar, o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov o‘rtasidagi bahs 2026-yilning 23-noyabridan 17-dekabriga qadar bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan.
Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni, tadbirning umumiy byudjeti esa 8,5 million dollarga baholanmoqda. Tadbirga mezbonlik qilish uchun arizalar 31-maygacha qabul qilinadi. O‘yin reglamenti 2026-yil 1-iyulgacha tasdiqlanishi kerak bo‘lib, u odatda 14 ta partiyadan iborat bo‘ladi. G‘olib deb topilish uchun 7,5 ochko jamg‘arish kifoya. Agar ishtirokchilardan biri bu natijaga avvalroq erishsa, bahs muddatidan oldin yakunlanadi. Hisob 7:7 ko‘rinishini olsa, g‘olibni aniqlash uchun tay-breyk o‘ynaladi.
Gukesh Dommaraju 2024-yil dekabr oyida Singapurda bo‘lib o‘tgan Jahon shaxmat toji uchun kechgan musobaqaning 14-turida xitoylik Din Lijen ustidan g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritgan. U 18 yoshida FIDE tarixidagi eng yosh Jahon chempioniga aylangan va 1985-yil 22 yoshida Anatoliy Karpovni mag‘lub etgan Garri Kasparovning rekordini yangilagan.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Kiprning Pafos shahrida o‘tkazilgan 2026-yilgi Nomzodlar turnirida muddatidan avval g‘oliblikni qo‘lga kiritib, jahon toji uchun da’vogarga aylangan edi. U musobaqada 14 ochkodan 10 ochko jamg‘argan va mag‘lubiyatsiz (6 ta g‘alaba va 8 ta durang) natija qayd etib, o‘ziga xos rekord o‘rnatgan edi.








