Daryo

Jahon shaxmat toji uchun jang: Sindorov – Gukesh o‘rtasidagi bellashuv qanday tartibda o‘tkaziladi?

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Kiprda o‘tkazilayotgan 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turnirida muddatdan avval chempionlikni rasmiylashtirib, Jahon shaxmat toji uchun bahs olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2 daqiqa o‘qish19 919 ko‘rishlar0 izoh50

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Kiprda o‘tkazilayotgan 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turnirida muddatdan avval chempionlikni rasmiylashtirib, Jahon shaxmat toji uchun amaldagi chempion Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib borish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Turnir sanasi va manzili Nomzodlar musobaqasi yakuniga yetganidan so‘ng FIDE tomonidan rasman e’lon qilinadi. Shaxmatchilarning tayyorgarlik ko‘rishi va Samarqand shahri mezbonlik qiladigan 2026-yilgi Butunjahon shaxmat Olimpiadasini (2026-yil sentyabr) hisobga olgan holda Jahon chempionligi uchun bahs noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilishi mumkin.

Format va reglament

FIDE tomonidan belgilangan tartibga ko‘ra, Jahon chempionligi uchun bahs quyidagi qoidalarga muvofiq o‘tkaziladi:

  • Klassik partiyalar soni: Ikki shaxmatchi o‘zaro jami 14 ta partiyalik tizimda o‘yin o‘tkazadi.
  • G‘alaba mezoni: Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi muddatidan oldin Jahon chempioni deb e’lon qilinadi.
  • Vaqt nazorati: Dastlabki 40 ta yurish uchun 120 daqiqa, keyingi 20 ta yurish uchun 60 daqiqa va o‘yinning qolgan qismi uchun 15 daqiqa beriladi. 61-yurishdan boshlab har bir yurish uchun 30 soniya qo‘shib boriladi.
  • Tay-breyk: Agar 14 ta partiyadan so‘ng hisob teng bo‘lib qolsa (7:7), g‘olib tay-breykda (rapid, yana tenglik kuzatilsa, blits) aniqlanadi.

2024-yilgi shaxmat bo‘yicha jahon toji uchun kechgan bahsda hindistonlik Gukesh Dommaraju xitoylik sobiq chempion Ding Lirendan ustun kelgan edi. Singapurda o‘tkazilgan turnirda yakuniy hisob 7,5:6,5 ko‘rinishini olgan va 18 yoshli Gukesh shaxmat tarixidagi eng yosh Jahon chempioniga aylangan.

Ding Liren 2023-yilda Magnus Karlsen o‘z unvonini himoya qilishdan bosh tortganidan so‘ng, Yan Nepomnyashiy ustidan g‘alaba qozonib chempionlikka erishgan edi. Gukesh esa 2024-yil aprelida o‘tkazilgan Nomzodlar turnirida g‘olib chiqib, Dingga qarshi chiqish huquqini qo‘lga kiritgan.

Hozirgi kunda layv (jonli) reytingda Javohir Sindorov 2775,5 ochko bilan 5-pog‘onada qayd etilgan bo‘lsa, amaldagi chempion 2732 ochko evaziga 16-o‘rinda joylashgan.

O‘zaro uchrashuvlar statistikasi

Ikki grossmeyster klassik yo‘nalishda o‘zaro 3 marta to‘qnash kelgan. Unda Sindorov 2 ta g‘alabaga erishgan, yana bir uchrashuv esa durang natija bilan yakunlangan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar