Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju hamda da’vogar, o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov o‘rtasidagi bahs 2026-yilning 23-noyabridan 17-dekabriga qadar bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni, tadbirning umumiy byudjeti esa 8,5 million dollarga baholanmoqda. Tadbirga mezbonlik qilish uchun arizalar 31-maygacha qabul qilinadi. O‘yin reglamenti 2026-yil 1-iyulgacha tasdiqlanishi kerak bo‘lib, u odatda 14 ta partiyadan iborat bo‘ladi. G‘olib deb topilish uchun 7,5 ochko jamg‘arish kifoya. Agar ishtirokchilardan biri bu natijaga avvalroq erishsa, bahs muddatidan oldin yakunlanadi. Hisob 7:7 ko‘rinishini olsa, g‘olibni aniqlash uchun tay-breyk o‘ynaladi.
Gukesh Dommaraju 2024-yil dekabr oyida Singapurda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati uchrashuvining 14-turida xitoylik Din Lijen ustidan g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritgan. U 18 yoshida FIDE tarixidagi eng yosh jahon chempioniga aylangan va 1985-yilda 22 yoshida Anatoliy Karpovni mag‘lub etgan Garri Kasparovning rekordini yangilagan. O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov yaqinda Kiprning Pafos shahrida o‘tkazilgan 2026-yilgi Da’vogarlar turnirida muddatidan avval g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Jahon toji uchun da’vogarga aylangan edi. U musobaqada 14 ochkodan 10 ochko jamg‘arib, birorta ham mag‘lubiyatsiz (6 ta g‘alaba va 8 ta durang) natija qayd etib, o‘ziga xos rekord o‘rnatgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu bellashuv shaxmat tarixidagi eng yosh shaxmatchilar ishtirokidagi chempionlik bahsi bo‘lishi kutilmoqda. Chunki uchrashuv paytida har ikki sportchi ham 20 yoshda bo‘ladi.








