Daryo

Kremldan 6 km uzoqlikdagi binoga dron kelib urildi (video)

Moskvada 9-may paradi oldidan yuz bergan hujum ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Dron mudofaa tizimidan qanday qilib o‘ta oldi? Ekspert o‘z prognozlari bilan bo‘lishdi.

3 daqiqa o‘qish10 176 ko‘rishlar0 izoh2

Ukraina dronlari 4-may kuni Rossiyaning Moskva shahriga hujum qildi. Ulardan biri Kremldan olti kilometr uzoqlikdagi turar joy binosiga kelib urildi. Bu haqda “Fokus.ua” xabar berdi.

Dron bo‘laklari Mosfilm ko‘chasi hududiga tushib, turar joy majmuasiga zarar yetkazgan. Uyning yuqori qavatlaridagi bir nechta xonadon devorlari qulagan, fasadning bir qismi esa to‘xtab turgan avtomobillar ustiga tushgan. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

OSINT tahlilchilari binoga FP-1 turidagi zarba beruvchi dron hujum qilganini aytmoqda. Bu ushbu apparatning hukumat kvartaliga bevosita yaqinlashgan ilk holatlardan biri bo‘lishi mumkin. FP-1 dronlari 1600 kilometrgacha masofani bosib o‘tishga va jangovar kallakni tashishga qodir. Bu esa shahar ichkarisidagi nishonlarga zarba berish imkonini beradi.

Dron hujumi 9-may kuni Moskvada o‘tkazilishi rejalashtirilgan parad arafasida sodir bo‘ldi. Shahar meri Sergey Sobyanin hukumat kvartali hududida dronlar qayd etilganini tasdiqladi, Rossiya Mudofaa vazirligi esa mamlakat hududida dronlar ommaviy ravishda tutib olinganini ma’lum qildi.

Havo mudofaasini yorib o‘tish yoki provokatsiya: Moskvaga hujum ortida nimalar turibdi?

Harbiy-siyosiy sharhlovchi Aleksandr Kovalenkoning ta’kidlashicha, Moskvaga dron zarbasi bilan bog‘liq vaziyat noaniq va javoblardan ko‘ra ko‘proq savollarni keltirib chiqarmoqda. Yakuniy xulosalarni faqat dron bo‘laklarini tahlil qilgandan so‘ng chiqarish mumkin. Ekspert bu 9-may arafasida Rossiyaning ehtimoliy provokatsiyasi ham boʻlishi mumkinligini istisno etmadi.

“Nazariy jihatdan, Rossiya tomoni Ukraina dronlarining ko‘plab qoldiqlariga ega va ulardan tegishli axborot effektini yaratishda foydalanishi mumkin. Shu bilan birga, Ukrainaning rasmiy pozitsiyasisiz Rossiya manbalarining bayonotlariga tayanmaslik kerak”, dedi Kovalenko.

Shu bilan birga, bunday ssenariyda asosiy savol ochiq qolmoqda: qanday qilib bitta dron Moskva mudofaasini yorib o‘ta oldi? Ekspertlarga ko‘ra, Moskvani himoya qilish uchun boshqa hududlardan qoʻshimcha havo mudofaa vositalari olib kelingan boʻlishi mumkin. Ammo bunday holatda ham tizimning yorib o‘tilishi uning samarasiga shubha uyg‘otadi.

Kovalenkoning ta’kidlashicha, bu hujum Rossiya havo mudofaa tizimining samaradorligi borasida jiddiy savollarni tug‘diradi. Chunki gap mamlakat markaziga berilgan zarba haqida ketmoqda. Uni na qisqa, na o‘rta, na uzoq radiusli komplekslar to‘xtata olgan.

“Agar Rossiya tomoni haqiqatan ham axborot effektini yaratishga intilgan bo‘lsa, “terrorchilik harakati”ni sahnalashtirishi va go‘yoki aloqador shaxslarni hibsga olishi mumkin edi. Ammo Moskvaga kirgan dron bilan bog‘liq vaziyat Rossiya havo mudofaasining haqiqiy holatiga nisbatan shubhalarni kuchaytiradi”, dedi ekspert.

Ukraina droni allaqachon Kremlga hujum qilgan

2023-yil 3-may kuni Kremlga ikkita dron hujum qilgandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot xizmati sodir bo‘lgan voqeani “prezidentga suiqasd” deb atagan, biroq uning tungi hujum vaqtida Kremlda bo‘lgani nomaʻlum edi. 

Kreml Rossiyada eng qattiq himoyalanadigan obyektlardan biri. So‘nggi yillarda Kreml devori bo‘ylab yoqilgan GPS-navigator bilan harakatlangan istalgan inson buni amalda sinab ko‘rishi mumkin. Kremlga yaqinlashgach, ekrandagi belgi poytaxt aeroportlaridan birini ko‘rsata boshlaydi. Bu radioelektron kurash tizimining faoliyati boʻlib, shu orqali oddiy tijoriy dronlarga qarshi kurashiladi, bu kabi uskunalar aeroportlar yaqiniga ham o‘rnatilgan. Bundan tashqari Moskvada bir nechta havo hujumidan mudofaa tizimlari ham oʻrnatilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 4-may kungi bayonotida dronlar Moskvadagi paradda hujum qilishi mumkinligini istisno etmadi. U bu yilgi yoz “Putin uchun hal qiluvchi palla” boʻlishini ta’kidlamoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar