Daryo

Sukunat ichidagi sarosima: Putin fitna yoki davlat to‘ntarishidan jiddiy tashvishda(mi)?

Har yili 9-may Moskva uchun kuch, qudrat va harbiy salobat namoyishi bo‘lib kelgan edi. Ammo bu safar ramziy sana ustiga ko‘zga ko‘rinmas, ammo sezilayotgan xavf soya solayotgandek. Xo‘sh, bunday qat’iy choralar aslida nimadan darak beradi? Quyida Rossiya elitasi ichidagi pinhona “urush” va Kremlni qamrab olgan qo‘rquv haqida so‘z yuritiladi.

6 daqiqa o‘qish33 150 ko‘rishlar0 izoh20

Qizil maydonning sovuq toshlarini bu yil odatdagi g‘urur va shon-shuhrat shovqini emas, balki Kremlni tobora siquvga olayotgan og‘ir sukunat va yashirin xavotir qoplangandek. Har yili 9-may Moskva uchun kuch, qudrat va harbiy salobat namoyishi bo‘lib kelgan edi. Ammo bu safar ramziy sana ustiga ko‘zga ko‘rinmas, ammo sezilayotgan xavf soya solayotgandek.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qizil maydondagi parad davomida harbiy texnikalar namoyish etilmaydi, mobil aloqa cheklanadi, hatto aloqa tizimlarining ayrim tarmoqlari vaqtincha o‘chirib qo‘yilishi ham mumkin. Bu choralar oddiy xavfsizlik choralari emas.

Xo‘sh, bunday qat’iy choralar aslida nimadan darak beradi? Quyida Rossiya elitasi ichidagi pinhona “urush” va Kremlni qamrab olgan qo‘rquv haqida so‘z yuritiladi.

G‘alaba shukuhi va xavotir

30-aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH yetakchisi Donald Tramp o‘rtasida kechgan bir yarim soatlik telefon muloqoti xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo‘ldi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Moskva Ukrainadagi front chizig‘ida G‘alaba bayrami munosabati bilan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusini ilgari surgan.

Vashington bu taklifni ma’qullagan bo‘lsa-da, Kreml devorlari ortida bu yilgi bayramga tayyorgarlik o‘ta ehtiyotkorlik va pinhona hadik ruhida kechmoqda.

Har yili Qizil maydonning asriy toshlarini titratib o‘tadigan og‘ir harbiy texnikalar va zirhli mashinalar karvoni bu yil kutilmaganda “safdan chiqarildi”. Mudofaa vazirligi qaroriga ko‘ra, maydonda faqat piyoda qo‘shinlar kolonnasi qadam tashlaydi, ayrim harbiy uchoqlar parvoz qiladi. Bu shunchaki parad formatining o‘zgarishi emas, balki tizim ichidagi chuqur xavotirning tashqi in’ikosidir.

Boisi, bayram arafasida Moskvada xavfsizlik choralari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilmoqda. 5, 7 va 9-may kunlari poytaxt osmonida nafaqat dronlar, balki axborot oqimi ham bo‘g‘iladi. Barcha turdagi mobil aloqa xizmatlari cheklanishi, SMS xabarlar yo‘llashning to‘xtatilishi va maxsus “oq ro‘yxat” tizimining joriy etilishi Moskvani virtual blokadaga yaqin holatga keltirib qo‘yadi.

Shu vaziyatda “dunyoning eng qudratli armiyalaridan biriga ega davlatni bu darajada xavotir va ehtiyotkorlikka majbur qilayotgan qo‘rquvning ildizi qayerda?” degan tabiiy savol tug‘iladi. Bu haqda pastroqda batafsil to‘xtalamiz.

2025-yildagi harbiy parad
Foto: “aif.ru”

Tizim ichidagi bo‘linish

Kremlning tashqi dunyoga ko‘rsatadigan “monolit” birligi ortida jiddiy siyosiy zilzilalar boshlandi. Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov hamda prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari, Kremlning “kulrang kardinali” Sergey Kiriyenko o‘rtasidagi ziddiyat endi yopiq eshiklar ortidan tashqariga sizib chiqmoqda.

Mojaro markazida — sentyabr oyida kutilayotgan Davlat Dumasi saylovlari va frontdan qaytgan harbiylarning siyosiy hokimiyatga kirib kelish masalasi turibdi. Chunki Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Yagona Rossiya” partiyasi ro‘yxatida Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari uchun 150 ta kafolatlangan o‘rin ajratishni va’da qilgan edi.

Biroq yopiq muhokamalar davomida ma’lum bo‘lishicha, taklif etilgan nomzodlar orasida asosan frontda jang qilgan askarlar emas, balki faqat rasmiy ravishda armiyaga aloqador bo‘lgan amaldorlar ko‘pchilikni tashkil etgan. Belousov bu ro‘yxatni mustaqil shakllantirishga intilib, harbiylar manfaatini himoya qiluvchi yangi siyosiy figuraga aylanmoqda. Ammo Kiriyenko bunga qarshi chiqmoqda.

Taniqli tahlilchi Mixail Zigarning aytishicha, bunday qarama-qarshilik Rossiya oliy hokimiyatida misli ko‘rilmagan holat hisoblanadi.

“Birinchi marta saylov strategiyasi va ro‘yxatlar shakllantirish bilan umuman shug‘ullanmagan shaxs bu jarayonga aralashib, o‘zining ortib borayotgan ommaviy ta’siriga tayanmoqda”, deya izoh bergan u.

Shu fon ostida Vladimir Putin murakkab tanlov oldida qolmoqda. Bir tomondan, saylov jarayonini nazorat qilish uchun unga Kiriyenko kerak. U Kremlning asosiy saylov strategi va eng nozik topshiriqlar ijrochisi sifatida ko‘riladi.

Ikkinchi tomondan esa “ultra-vatanparvarlar” oqimining yangi yulduzi sifatida ko‘rilayotgan Belousov. Uni zaiflashtirish armiya ichidagi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ziddiyat faqat mandatlar bilan cheklanmaydi. Bahslar Rossiyada joriy etilishi muhokama qilinayotgan, armiyadan qochgan yoki xizmatdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan “dezertirlar solig‘i” atrofida ham avj olmoqda.

Andrey Belousov ushbu soliqdan tushgan mablag‘ni urush mashinasiga yo‘naltirishni talab qilmoqda. Biroq Moliya vazirligi ijtimoiy portlashdan qo‘rqib, tushumlarni xalqqa tarqatishni taklif etmoqda.

“Hozircha bu kurashning qanday yakun topishi noma’lum. Ammo bir narsa aniq, Kreml ichida asabiylik belgilari sezilmoqda,” deb yozadi Italiyaning eng yirik gazetalaridan biri Corriere della Sera.

Putin va Kiriyenko
Foto: “haqqin.az”


Putinga qarshi fitna

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 9-may munosabati bilan harbiy paradda texnikalar ishtirok etmasligini “terrorchilik xavfi” bilan izohladi. Darhaqiqat, “Vazhnye istorii” nashri Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan birining razvedka xizmati tomonidan Kreml ichidagi real vaziyat va Vladimir Putinning holati haqida tayyorlangan hisobotni e’lon qildi.

Hisobotda yozilishicha, 2026-yilning mart oyidan buyon Putin misli ko‘rilmagan “qamal holati”da yashamoqda. Rossiya prezidenti nafaqat tashqi dushmanlardan, balki o‘zining eng yaqin atrofidagi siyosiy elita vakillari tomonidan tayyorlanayotgan fitna yoki davlat to‘ntarishidan jiddiy tashvishda. Ayniqsa, osmondan kelishi mumkin bo‘lgan “ko‘rinmas ajal” — suiqasd dronlari Putinning eng katta qo‘rquviga aylangan.

Shu sabab Federal qo‘riqlash xizmati (FSO) prezident atrofida o‘tib bo‘lmas devor tiklagan. Xususan:

  • Prezident ma’muriyatiga kiruvchilar FSO tomonidan ikki bosqichli tekshiruvdan o‘tkaziladi;
  • Putin tashrif buyuradigan joylar soni keskin qisqartirilgan, u va uning oilasi Moskva yaqinidagi odatiy qarorgohlaridan endi foydalanmaydi;
  • Urush boshlanganidan beri Putin ko‘pincha modernizatsiya qilingan bunkerlar, xususan, Krasnodar o‘lkasidagi obyektlarda yashirinib ishlaydi, u yerda haftalab qolishi mumkin, shu paytda Rossiya OAVlari oldindan tayyorlab qoʻyilgan videolarni efirga uzatadi;
  • Bu yil harbiy infratuzilmaga birorta ham tashrif amalga oshirilmagan (2025-yilda esa bunday tashriflar tez-tez bo‘lgan);
  • Moskvaning ayrim hududlarida vaqti-vaqti bilan aloqa tarmoqlari o‘chiriladi;
  • FSO kinologlar bilan keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazadi va Moskva daryosi bo‘yida dron hujumlariga qarshi tayyor holatda joylashgan;
  • FSO prezident ishtirokidagi barcha axborot va media chiqishlarini maxfiy farmonga asoslanib nazorat qiladi;
  • Putinga yaqin xodimlarga mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangan, ular internetga ulanmaydigan qurilmalardan foydalanadi;
  • Oshpazlar, fotograf va qo‘riqchilarning uylariga kuzatuv tizimlari o‘rnatilgan.
Putin
Foto: newsweek.com


Hisobotning eng shov-shuvli qismi Sergey Shoygu bilan bog‘liq. Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi bo‘lgan Shoygu bugun harbiy rahbariyat ichidagi “isyon o‘chog‘i” sifatida ko‘rilmoqda. Uning yaqin safdoshi Ruslan Tsalikovning hibsga olinishi elita uchun berilgan norasmiy xavfsizlik kafolatlari yo‘qqa chiqqanidan dalolat beradi. Bu qadamlar Shoyguning o‘zini ham jinoiy ta’qib va “siyosiy dor” kutayotganiga ishora qilmoqda.

Mustaqil manbalar, xususan, FSBning sobiq xodimlari ham Moskvadagi internet o‘chirilishlari orqasida aynan FSO turganini tasdiqlamoqda. Hozirda Rossiya maxsus xizmatlari jinoyatchilarni emas, balki hukumatning o‘z ichidagi “sotqinlar”ni ovlash bilan band.

“Daryo” bilan suhbatda siyosatshunos Muxtor Nazirov Kreml rahbariyati ichki ijtimoiy bosim va norozilik ehtimolidan xavotirda ekanini, shu sababli Moskva axborot maydonini maksimal darajada boshqarish orqali bu jarayonlarni oldindan jilovlashga urinayotganini aytib o‘tdi.

“Hozir Rossiyada “suveren” ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish va targ‘ib qilish keskin kuchaymoqda. Bu orqali Kreml axborot oqimini markazlashtirish va jamoatchilik kayfiyatini yanada qat’iy nazorat ostiga olishga urinmoqda. Chunki axborot makonida baribir salbiy fon shakllanadi — urush hech qachon ijobiy kayfiyat olib kelmaydi.

Urush — bu doimiy stress, qisqarayotgan ish o‘rinlari, barbod bo‘layotgan rejalar va pasayib borayotgan iqtisodiy ko‘rsatkichlardir. Ijtimoiy muammolarni ma’lum vaqt propaganda bilan jilovlab turish mumkin, ammo uning ta’siri uzoq davom etmaydi — odatda 1–2 yil bilan cheklanadi.

Aynan shu sabab Rossiyada hozir ijtimoiy tarmoqlar ustidan deyarli to‘liq nazorat o‘rnatish jarayoni jadallashmoqda. Kreml rahbariyati ichki ijtimoiy bosim va norozilik ehtimolidan xavotirda. Shu bois Moskva axborot maydonini maksimal darajada boshqarish orqali bu jarayonlarni oldindan jilovlashga urinmoqda”, deydi Muxtor Nazirov.

9-may paradi bu yil g‘alabani nishonlash uchun emas, balki bir insonning o‘z atrofidagi dunyodan naqadar uzoqlashganini, naqadar yolg‘izlanib qolganini namoyish etuvchi g‘amgin teatrdir. Ehtimol, Kreml osmonidagi sukunat — bo‘ron oldidagi sukunat bo‘lishi mumkin.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar