Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2026-yil 9-may kuni Moskvaning Qizil maydonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan paradga oid farmon imzoladi. Bu haqda №374/2026-sonli farmonda ma’lum qilingan.
Hujjatga ko‘ra, Ukraina harbiylari ushbu vaqt davomida Qizil maydon hududiga zarba bermaydi. Qaror “insonparvarlik maqsadlari” va 8-may kuni AQSH tomoni bilan o‘tkazilgan muzokaralarda bildirilgan bir qator murojaatlar asosida qabul qilingani aytiladi.
Farmonga muvofiq, 9-may kuni Kiyev vaqti bilan soat 10:00 dan boshlab Qizil maydon hududi Ukraina qurolli kuchlarining harbiy rejalashtirishidan vaqtincha chiqarib tashlanadi. Hujjatda ushbu hududning koordinatalari ham keltirilgan.
Zelenskiy farmoni bo‘yicha Peskov “Paradni o‘tkazish uchun hech kimning ruxsati bizga lozim emas”, deb javob qaytargandi.
3 kunlik sulh e’lon qilindi
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda 3 kunlik sulh e’lon qilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sulh 9, 10 va 11-may kunlarini qamrab oladi hamda barcha harbiy harakatlarni to‘xtatishni va har ikki tomondan 1000 nafardan harbiy asirlarni almashishni nazarda tutadi.
Tramp bu o‘t ochishni to‘xtatish taklifini o‘zi ilgari surganini bildirdi. U Rossiya rahbari Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik ham bildirgan.








