Rossiya poytaxti Moskvadagi G‘alaba kuni paradi 2026-yil harbiy texnikalarsiz o‘tkaziladi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov qarorni terrorchilik xavfi va 2026-yil yubiley yili emasligi bilan izohladi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Peskov jurnalistlar bilan suhbatda vaziyatga quyidagicha izoh berdi:
“Gap tezkor vaziyat haqida ketmoqda. Terrorchilik xavfini hisobga olgan holda, xavfni minimallashtirish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Parad bo‘lib o‘tadi. Ammo unutmaslik kerakki, o‘tgan yili yubiley paradi edi, u muhim sana munosabati bilan keng ko‘lamda o‘tkazilishi kerak edi”, dedi u.
Peskov parad baribir o‘tkazilishini, ammo u “qisqartirilgan formatda” bo‘lishini ta’kidladi.
Dasturda nimalar bor?
Mudofaa vazirligining 28-apreldagi ma’lumotiga ko‘ra, “Qizil maydon”dan faqat piyoda qo‘shinlar kolonnasi o‘tadi. Unda quyidagilar ishtirok etadi:
- Rossiya Qurolli kuchlarining barcha turlari va qo‘shinlariga qarashli oliy harbiy bilim yurtlari kursantlari;
- aviatsiya qismi (uchuvchilar guruhlari ishtirokida).
Shuningdek, dastur yakunida Su-25 samolyotlari osmonni Rossiya bayrog‘i ranglariga bo‘yaydi. Translyatsiya vaqtida jangovar hududda xizmat qilayotgan harbiylar, Strategik raketa qo‘shinlari, Aerokosmik kuchlar va Harbiy-dengiz floti kemalari ekipajlari ishi namoyish etiladi.
Kimlar ishtirok etmaydi?
Ta’kidlanishicha, quyidagilar paradda qatnashmaydi:
- Suvorov va Naximov harbiy bilim yurtlari o‘quvchilari;
- kadet korpuslari tarbiyalanuvchilari;
- harbiy texnikalar kolonnasi.
Xorijlik mehmonlar
Prezident yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, bir qator xorijiy davlatlar yetakchilari 9-may kuni Moskvaga kelish istagini bildirgan. Shu munosabat bilan prezident Vladimir Putin xalqaro uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan. Xususan, Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Rossiyaga kelishini ma’lum qilgan.
Mobil aloqa cheklanadi
Paradda xavfsizlik choralari kuchaytirilishi munosabati bilan mobil aloqa bo‘yicha cheklovlar yanada qattiqlashadi. Xususan, 5, 7 va 9-may kunlari barcha mobil aloqa turlari cheklanadi, SMS xabarlar yo‘llash to‘xtatiladi (ehtimoliy) va “oq ro‘yxat” tizimi faoliyatida cheklash joriy etiladi.
“Oq ro‘yxat” mobil internet o‘chirilgan vaqtda ham faqat ma’lum bir saytlarga kirish imkonini beradi.








