Daryo

Hormuzga kirmoqchi bo‘lgan AQSH harbiy kemasiga raketalar uchirildi (video)

Eron ogohlantirishiga e’tibor bermagan kema Ummon ko‘rfazida hujumga uchradi.

2 daqiqa o‘qish28 982 ko‘rishlar0 izoh51

Eron harbiy-dengiz kuchlari 4-may kuni “Amerika-sionistik” harbiy kemasining Hormuz bo‘g‘oziga kirishiga to‘sqinlik qilib, ikkita raketa uchirdi. Bu haqda mamlakat davlat telekanaliga tayanib Reuters xabar berdi.

Fars axborot agentligining yozishicha, AQSH harbiy kemasi Eron ogohlantirishlariga e’tibor bermagan. Shundan so‘ng Ummon ko‘rfazidagi Jask shahri yaqinida ushbu kemaga ikkita raketa uchib tushgan.

Reuters agentligi ushbu xabarlarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlay olmadi. AQSH tomoni ham hodisaga nisbatan hali rasmiy munosabat bildirmadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp mintaqada qolib ketgan kemalarni olib chiqish rejasini e’lon qilgandi. Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida shunday deb yozdi:

“Biz ushbu davlatlarga kemalarini cheklangan suv yo‘llaridan xavfsiz olib chiqishimizni aytdik. Toki ular o‘z ishlarini erkin davom ettira olsin”.

Ikki oydan ortiq davom etayotgan ushbu urushda ko‘plab kemalar va ularning ekipajlari suv yo‘lida qolib ketgan. Ularning oziq-ovqat va boshqa zaxiralari tugab bormoqda.

Eronning keskin javobi

Bunga javoban, 4-may kuni Eron AQSH kuchlarini strategik suv yo‘liga kirmaslik haqida ogohlantirdi. Eron birlashgan qo‘mondonligi savdo va neft tashuvchi kemalarga Eron harbiylari bilan muvofiqlashtirilmagan har qanday harakatdan tiyilishni buyurdi.

Qo‘mondonlik rahbari Ali Abdullahi o‘z bayonotida shunday dedi:

“Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligi bizning qo‘limizda. Kemalarning xavfsiz o‘tishi qurolli kuchlar bilan kelishilishi shart. Agar xorijiy kuchlar, ayniqsa, tajovuzkor AQSH armiyasi bo‘g‘ozga yaqinlashsa, ularga hujum qilinadi”.

Urush boshlangandan beri Eron deyarli barcha xalqaro yuk tashuvlarini to‘sib qo‘ygan. Bu dunyodagi neft va gaz yetkazib berishning beshdan bir qismini to‘xtatib qo‘ydi. Oqibatda jahon bozorida neft narxi 50 foizdan ko‘proqqa ko‘tarilib ketdi.

O‘z navbatida, AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ham Tehronga bosim o‘tkazish uchun Eron portlarini blokadaga olgan. CENTCOM kemalarni qutqarish operatsiyasiga 15 ming nafar harbiy xizmatchi, 100 dan ortiq samolyot va harbiy kemalar hamda dronlar jalb qilinishini bildirdi.

Admiral Bred Kuperning ta‘kidlashicha, bu mudofaa missiyasi mintaqaviy xavfsizlik va global iqtisodiyot uchun o‘ta muhimdir. AQSH ayni vaqtda dengiz blokadasini ham davom ettirmoqda.

Eron Hormuzni AQSH uchun “kemalar qabristoni”ga aylantirishdan ogohlantirdi

Eron oliy rahnamosining harbiy maslahatchisi Muhsin Rizoiy AQSH uchun Hormuz bo‘g‘ozini “kemalar qabristoni”ga aylantirishdan ogohlantirdi.

“AQSH — aviatashuvchiga ega dunyodagi yagona qaroqchi davlatdir. Bizning qaroqchilarga qarshi kurashish qobiliyatimiz harbiy kemalarni cho‘ktirish imkoniyatlarimizdan aslo qolishmaydi. Samolyotingiz qoldiqlari Isfahonda qolganidek, kemalaringiz va qo‘shinlaringiz ham qabristonga tushishiga tayyor turing”, dedi Rizoiy.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar