Eron oliy rahnamosining harbiy maslahatchisi Muhsin Rizoiy AQSH uchun Hormuz bo‘g‘ozini “kemalar qabristoni”ga aylantirishdan ogohlantirdi. U bu haqda o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Muhsin Rizoiy Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining sobiq qo‘mondoni hisoblanadi.
“AQSH — aviatashuvchiga ega dunyodagi yagona qaroqchi davlatdir. Bizning qaroqchilarga qarshi kurashish qobiliyatimiz harbiy kemalarni cho‘ktirish imkoniyatlarimizdan aslo qolishmaydi. Samolyotingiz qoldiqlari Isfahonda qolganidek, kemalaringiz va qo‘shinlaringiz ham qabristonga tushishiga tayyor turing”, dedi Rizoiy.
2-may kuni AQSH prezidenti Donald Tramp AQSHning Hormuz bo‘g‘ozini qamal qilishini qaroqchilikka qiyoslab, buni “juda daromadli ish” deb atadi.
“Biz kemani qo‘lga oldik, yuk va neftni qo‘lga oldik. Bu juda daromadli biznes. Biz xuddi qaroqchilarga o‘xshaymiz”, dedi u.
Eronning urushni tugatish shartlari
O‘tgan hafta Eron hukumati AQSHga urushni yakunlash bo‘yicha asosiy shartlar bayon etilgan 14 banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etdi. Rejada AQSHdan kelgusida hujum qilmaslik bo‘yicha kafolat berish, Amerika qo‘shinlarini chegara hududlaridan to‘liq olib chiqish, harbiy-dengiz blokadasini bekor qilish, muzlatilgan Eron aktivlarini qaytarish, sanksiyalarni olib tashlash talab etilgan.
Shuningdek, Eron yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lash, mintaqadagi harbiy harakatlarni, jumladan, Isroilning Livanga hujumlarini to‘xtatishni va “Hormuz bo‘g‘ozi faoliyatining yangi mexanizmi”ni joriy etishni ilgari surgan. AQSH prezidenti Donald Tramp rejani ko‘rib chiqishi, ammo uni qabul qilishi dargumonligini aytgan.
Eron Hormuz blokadasi tufayli qancha zarar ko‘rdi?
AQSHning dengiz blokadasi tufayli Eron qariyb 5 milliard dollarlik neft daromadidan mahrum bo‘ldi. 13-apreldan beri AQSH harbiylari neft va boshqa “kontrabanda yuklari” bilan blokadani buzib o‘tishga uringan 40 dan ortiq kemaning yo‘nalishini o‘zgartirgan. Jami 53 million barrel Eron nefti ortilgan 31 ta tanker Fors ko‘rfazida qolib ketgan, ularning qiymati kamida 4,8 milliard dollarga baholangan. Shuningdek, ikkita kema AQSH tomonidan qo‘lga olingan.








