Daryo

AQSH Eron yuk kemasini oʻqqa tutib, qoʻlga oldi (video)

Tramp ushbu kema dengiz blokadasini yorib oʻtishga uringanini aytdi. Eron bunga javoban AQSH harbiy kemalarini nishonga oldi.

1 daqiqa o‘qish12 291 ko‘rishlar0 izoh5

AQSH harbiylari 19-aprel kuni Ummon koʻrfazida suzayotgan Eron kemasini oʻqqa tutib, qoʻlga oldi. Kema Eron Bandar-Abbos porti tomon yo‘l olayotgandi. Bu haqda prezident Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

“Eron bayrog‘i ostida suzuvchi, uzunligi qariyb 900 fut (274 metr)bo‘lgan va og‘irligi deyarli aviatashuvchiga teng keladigan TOUSKA nomli yuk kemasi bizning dengiz blokadamizni yorib o‘tishga urindi, ammo bu urinishi o‘xshamadi. 


AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining USS SPRUANCE boshqariluvchi raketa esminetsi Ummon ko‘rfazida TOUSKA kemasini to‘xtatib, ularga ogohlantirish berdi. Eronlik ekipaj itoat etishdan bosh tortgach, harbiy kemamiz uning dvigatel bo‘lmasini teshib, kemani o‘z joyida toʻxtatdi”, dedi Tramp.

U dengiz piyodalari kemani nazoratga olib, yukni tekshirayotganini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, Tramp ushbu kema AQSH Moliya vazirligi sanksiyalari ostida bo‘lganini aytdi.

Eron javob choralari ko‘rishidan ogohlantirdi

Eron AQSHning yuk kemasiga uyushtirgan hujumini sulhni buzish deb baholadi. Kema Xitoydan kelayotgani maʻlum qilindi. Eron harbiylari markaziy shtabi — “Hazrat Hotam al-Anbiya” vakili 20-aprelga o‘tar kechasi dronlar yordamida Amerika harbiy kemalariga zarba berilganini ma’lum qildi.

“Agressiv Amerika sulhni buzdi va dengiz qaroqchiligi harakatini amalga oshirdi”, dedi Eron harbiy kuchlari markaziy shtabi vakili.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kema AQSH tomonidan o‘rnatilgan blokadani chetlab o‘tishga uringan. Islomoboddagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagach Tramp Hormuzni blokada qilishni buyurgan edi.

Eron harbiylari Hormuzdan oʻtayotgan tankerga oʻt ochdi

Eron harbiylari 18-aprel kuni Hormuz boʻgʻozidan oʻtayotgan tanker va konteyner kemasini oʻqqa tutdi. Hindiston bayrog‘i ostidagi VLCC tankeri Eronning ikkita artilleriya kemasi tomonidan hujumga uchragan. Hozirda ekipaj va kemaning o‘zi xavfsiz holatda.

Taʼkidlanishicha, konteyner kemasi ham hujumga uchragan. U ham Hindiston bayrog‘i ostida harakatlangan. Kema noma’lum snaryad bilan nishonga olingan, oqibatda ba’zi konteynerlarga shikast yetgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar