AQSH prezidenti Donald Tramp Hormuz blokadasiga yaqinlashgan Eron harbiy kemalari yo‘q qilinishidan ogohlantirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Trampning aytishicha, AQSHning Eronga kiruvchi va undan chiquvchi kemalarga nisbatan blokadasi 13-aprel soat 10:00 da kuchga kirgan. U olti haftalik urush paytida Eron harbiy-dengiz kuchlari “butunlay yo‘q qilingani”ni aytgandi. Ammo yangi bayonotida tezkor va hujumkor kemalar nishonga olinmaganini ta’kidladi.
“Biz ularning oz sonli, tezkor hujumkor kemalariga zarba bermadik, chunki ularni katta tahdid deb hisoblamadik. Ogohlantirish: agar bu kemalardan birortasi bizning blokadamizga yaqinlashsa, ular darhol yo‘q qilinadi, biz dengizdagi qayiqlarda giyohvand moddalar sotuvchilariga qarshi ishlatadigan o‘ldirish tizimidan foydalanamiz. Bu tez va shafqatsiz bo‘ladi”, deb yozdi Tramp.
U sentyabr oyidan beri AQSHning Karib dengizi va Tinch okeanida “narkotik moddalar tashilgan” qayiqlarga zarba berilib, 110 kishi o‘ldirilganini nazarda tutdi. Eron AQSH—Isroil havo hujumlariga javoban Hormuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ygan. Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda esa tomonlar bo‘g‘oz bo‘yicha kelishuvga erishmadi. Shundan so‘ng Tramp Hormuzni blokada qilishga buyruq berdi.
“Biz biror mamlakatning dunyoni shantaj qilishiga yoki tovlamachilik qilishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga.
AQSH rahbari Eronning yadroviy intilishlarini cheklashga qat’iy qaror qilinganini aytdi.
“Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmaydi. Agar bunga rozi bo‘lishmasa, hech qanday kelishuv bo‘lmaydi”, deya ta’kidladi AQSH prezidenti.








