Futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati nafaqat o‘yinlar soni, balki formati o‘zgarishi bilan ham futbol tarixidagi eng yirik va shiddatli musobaqalardan biri bo‘lishi kutilmoqda. AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlarida o‘tadigan mazkur mundialda 48 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Musobaqaning “A” guruhida Meksika, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya hamda Chexiya terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. “Daryo” nashri mundial oldidan turnir ishtirokchilari bilan tanishtiradi. Ushbu maqolada Janubiy Afrika Respublikasi milliy terma jamoasining boy tarixi, jahon chempionatlaridagi natijalari, murabbiylar shtabi va bo‘lajak musobaqadagi imkoniyatlarini tahlil qilamiz.
- Jamoa laqabi: “Bafana Bafana”
- Bosh murabbiy: Ugo Brus (Belgiya)
- Sardor: Ronven Uilyams
- Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Aron Mokoena (107 o‘yin)
- Eng yaxshi to‘purar: Benni Makarti (31 gol)
- FIFA reytingi: 60-o‘rin
2010-yilda, Afrika qit’asida ilk bor o‘tkazilgan FIFA Jahon chempionati butun Janubiy Afrika (JAR) bo‘ylab katta umidlar uyg‘otgan edi. Mezbonlar guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida Fransiyani mag‘lub etib, Jahon chempionatlaridagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritganida, tarix eshiklari ochilgandek tuyuldi. Biroq hakamning yakuniy hushtagidan so‘ng bu g‘alaba yetarli bo‘lmadi. JAR to‘plar nisbatiga ko‘ra musobaqadan chiqib ketdi va bunday natijani qayd etgan tarixdagi ilk mezbon davlat bo‘ldi (2022-yilda Qatar o‘z guruhida so‘nggi o‘rinni egallagan).
O‘sha tundan keyin uzoq kutilgan vaqt keldi.Oradan 16 yil o‘tib, Janubiy Afrika yana global sahnaga qaytmoqda va JCh-2026 ishtirokchisi sifatida Shimoliy Amerikaga yo‘l oladi. Bu safar jamoa saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, mundialga yo‘l oldi. Endilikda maqsad shunchaki ishtirok etish emas, balki guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlashdan iborat. Bu oson vazifa bo‘lmaydi, chunki “Bafana Bafana” “A” guruhida mezbon Meksika, Janubiy Koreya va Chexiya bilan bahslashadi.
JAR so‘nggi o‘n yilliklardagi yo‘li keskin qarama-qarshiliklar – yuksalish va inqiroz davrlari bilan ajralib turdi.
Ko‘tarilish davri
1990-yillarning boshida sport izolyatsiyasi yakunlangach, Janubiy Afrika jadal rivojlanish davriga kirdi. Jamoa Fransiyada o‘tkazilgan 1998-yilgi mundialda ishtirok etdi va ushbu muvaffaqiyat Koreya/Yaponiya-2002 turnirida ham takrorlandi.
Har ikki turnirda ham “Bafana Bafana” guruhdan chiqa olmagan bo‘lsa-da, munosib o‘yin ko‘rsatdi. 1998-yilda jamoa mundialdagi ilk golini urdi hamda Daniya va Saudiya Arabistoni bilan durang o‘ynadi. To‘rt yil o‘tgach esa janubliklar pley-offga chiqishga juda yaqin keldi: Paragvay bilan durang, Sloveniya ustidan ilk g‘alaba, biroq Ispaniyaga qarshi dramatik (3:2) o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng yana to‘plar nisbatiga ko‘ra imkoniyat boy berildi.
JARaning eng katta yutuqlari qit’a miqyosida bo‘ldi. 1996-yilda o‘z maydonida o‘tgan debyut Afrika Millatlar Kubogida g‘olib chiqdi. Bu tasodif emas edi: 1998-yilda jamoa 2-o‘rinni, 2000-yilda esa uchinchi o‘rinni egallab, Afrikaning yetakchi jamoalari qatorida ekanini isbotladi.
O‘sha avlodga Shon Bartlett (mamlakat tarixidagi ikkinchi to‘purar) va Benni Makkarti kabi yulduzlar boshchilik qilgan. Makkarti 1998-yilgi Afrika Kubogida eng yaxshi futbolchi va to‘purar bo‘lish bilan birga, 1998 va 2002-yilgi Jahon chempionatlarida gol urib, mamlakat tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri sifatida nom qoldirdi.
Pasayish davri
90-yillar oxiri va 2000-yillar boshidagi shiddat asta-sekin so‘na boshladi. JAR uzoq davom etgan tanazzul davriga kirdi. Ular ketma-ket Jahon chempionatlari saralashidan o‘ta olmay, faqat 2010-yilda mezbon sifatida jahon elitasiga qaytdi. Guruhdan chiqa olmagan bo‘lsa-da, Meksika bilan durang (Sipive Tshabalalaning unutilmas goli) va Fransiya ustidan g‘alaba munosib natija deb baholandi.
Qit’a miqyosida ham Janubiy Afrika avvalgi muvaffaqiyatlarini saqlab qololmadi. 2010, 2012 va 2021-yilgi Afrika Kuboklarini o‘tkazib yuborgani mamlakat futbolidagi yigirma yillik inqirozni yaqqol aks ettirdi.
Qaytish davri
So‘nggi yillarda jamoa natijalari yaxshilana boshladi. 2023-yilgi Afrika Millatlar Kubogidagi uchinchi o‘rin jamoaning yana qit’aning eng kuchlilari bilan raqobatlasha olishini ko‘rsatdi. JCH-2026 ga yo‘llanma olish esa bu tasodifiy yuksalish emas, balki tizimli rivojlanish ekani tasdiqlandi. Bunda 2021-yil o‘rtalarida jamoani qabul qilib olgan belgiyalik murabbiy Ugo Brusning xizmati katta.
Janubiy Afrika 2002-yildan beri ilk bor saralash orqali Jahon chempionatiga yo‘l oldi. Ijobiy o‘zgarishlar nafaqat terma jamoada, balki klublar darajasida ham ko‘zga tashlanmoqda. “Mamelodi Sandauns” jamoasi bu uyg‘onish timsoliga aylandi: klub 2025-yilgi CAF Chempionlar Ligasi finaliga qadar yetib bordi (Misrning “Piramids” jamoasiga imkoniyatni boy bergan) va 2025-yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘z o‘yin uslubi bilan dunyo e’tiborini tortdi.
Shuningdek, “Kayzer Chifs” 2021-yilgi Chempionlar Ligasi finalida, “Orlando Payrets” esa 2022-yilgi CAF Konfederatsiyalar Kubogi finalida o‘ynadi. Bularning barchasi Janubiy Afrikaning qit’a miqyosidagi o‘rni tiklanayotganidan dalolat beradi. Endi barcha nigohlar JCh-2026 dagi “Bafana Bafana”ga qaratilgan bo‘lib, ular o‘zlarining qaytishi shunchaki bir martalik voqea emas, balki yangi davrning boshlanishi ekanini isbotlashga harakat qiladi.
O‘yinlar jadvali:
- 11-iyun: Meksika — Janubiy Afrika (“Atsteka” stadioni, Mexiko)
- 18-iyun: Chexiya — Janubiy Afrika (“Mersedes-Benz” stadioni, Atlanta)
- 25-iyun: Janubiy Afrika — Janubiy Koreya (“BBVA” stadioni, Gvadelupa)
Janubiy Afrika 2026-yilgi mundialdagi ishtirokini afsonaviy “Atsteka” stadionida mezbon Meksikaga qarshi ochilish o‘yini bilan boshlaydi. Qiziq tomoni shundaki, janubliklar 2010-yilgi JCH ochilish o‘yinida ham aynan ushbu jamoa bilan bahs olib borgan. O‘sha bahsni o‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatov boshqargan. Bu Ermatov mundialni boshqargan ilk bellashuv edi. Shundan so‘ng u ketma-ket 3 ta mundialda 10 ta, umumiy hisobda esa 11 ta uchrashuvda hakamlik qildi va bu borada dunyo rekordini o‘rnatdi.
Murabbiy
Belgiyalik Ugo Brus JCh-2026 da Janubiy Afrika bilan o‘zining murabbiylik faoliyatidagi so‘nggi turnirini o‘tkazmoqda. U jamoani 2023-yilgi Afrika Millatlar Kubogida yarim finalga qadar boshlab bordi va saralash bosqichidagi muvaffaqiyat sari yetakladi. Avvalroq u Kamerun terma jamoasi va 11 ta klubda murabbiylik qilgan.
Jamoa yulduzi
Ronven Uilyams – jamoa sardori va eng muhim futbolchisi. 2021-yildan buyon sardorlik bog‘ichini taqib kelayotgan darvozabon jamoaning qayta tiklanishida katta rol o‘ynadi. 2023-yilgi Afrika Millatlar Kubogi chorak finalida Kabo-Verdega qarshi o‘yinda to‘rtta penaltini qaytarib, jamoasiga tarixiy natija taqdim etgan edi. Qizig‘i shundaki, u FIFAning yangi “sakkiz soniya” qoidasi bo‘yicha jazolangan ilk futbolchi bo‘ldi (Klublar o‘rtasidagi JChda “Ulsan”ga qarshi o‘yinda).
Mamlakat
Janubiy Afrika aholisi 64,7 milliondan ortiq bo‘lib, mamlakat aholi soni bo‘yicha Afrikada oltinchi o‘rinda turadi. JARda uchta poytaxt mavjud bo‘lib, Pretoriya – ma’muriy, Keyptaun — parlament joylashgan qonun chiqaruvchi, Blumfonteyn esa sud poytaxti hisoblanadi. Eng yirik va aholi eng zich joylashgan shahar Yohannesburg bo‘lib, undan keyingi o‘rinlarda Keyptaun va Durban shaharlari turadi.
Mamlakat aralash iqtisodiyotga ega bo‘lib, Afrika qit’asidagi eng sanoatlashgan, texnologik jihatdan rivojlangan davlat sifatida tan olingan. Nominal yalpi ichki mahsuloti 400 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lib, qit’aning eng yirik iqtisodiyoti hisoblanadi. JAR dunyodagi eng qimmatli mineral zaxiralarga ega bo‘lib, ularning umumiy qiymati 2,5 trillion dollardan oshadi.
JAR 2025-yil oktyabr oyida Ruandani mag‘lub etib, saralash guruhida peshqadamlikni naqd qildi va Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Jamoa an’anaviy favorit hisoblangan Nigeriyani ortda qoldirib, 18 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi. Turnirning autsayderlaridan biri sifatida ko‘rilayotgan “Bafana Bafana” ayni damda o‘zida hech qanday bosimni his qilmayapti.
2025-yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida qatnashgan “Mamelodi Sandauns” muxlislari kabi, minglab Janubiy afrikalik ishqibozlar Amerikaga yo‘l olishi aniq. Ularning jamoasi favoritlar qatorida bo‘lmasa-da, qiziqarli o‘yin ko‘rsatishi kutilmoqda.








