Ijtimoiy tarmoqlarda BMW avtomobilini yo‘l-patrul xizmati xodimi boshqarib yurgani haqidagi video tarqaldi. Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirib, videodagi shaxs YPX xodimi emasligini ma’lum qildi.
YHXB axborotiga ko‘ra, surishtiruv davomida videoni 2007-yilda tug‘ilgan fuqaro A.J. suratga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylagani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, BMW rusumli avtomobil avvalroq yo‘l harakati qoidalari buzilgani sabab to‘xtatilib, tekshirilgan va haydovchida guvohnoma bo‘lmagani uchun YPX katta inspektori tomonidan jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Qayd etilishicha, oradan bir sutka o‘tib, jarima maydonchasida ishlovchi A.J. ushbu BMW’ni ruxsatsiz boshqarib, maydon hududidan chiqib ketgan. U avtomobilda ko‘chada 5–6 daqiqa aylangach, transport vositasini yana jarima maydonchasiga olib kirgan.
Avvalroq Qashqadaryoda YPX inspektorini obroʻsizlantirish uchun videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan shaxslarga chora koʻrilgani haqida xabar berilgandi. Sud ularga 7 va 10 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosini tayinlagan.








