Maʼlum qilinishicha, FIFA oʻzgarish qilishi mumkin – rejaga koʻra xalqaro va milliy musobaqalarda ishtirok etayotgan klublar tarkibida maydonda har doim 20 yoki 21 yoshgacha boʻlgan oʻz tarbiyalanuvchisi boʻlishi shart boʻladi. Bu shundoq ham Chempionlar Ligasi va ligalarda mavjud boʻlgan talabning biroz keskin koʻrinishi. Hozirda har bir klub turnir uchun topshirilgan umumiy roʻyxatda maʼlum miqdorda oʻz tarbiyalanuvchisiga ega boʻlishi kerak, ammo u maydonga tushmasligi, qaydnomadan ham chetda boʻlishi mumkin. Endi esa bunday futbolchilarning doim maydonda boʻlishi talab qilinadi. Hozircha bu faqat Vankuverdagi majlisda muhokama qilingan, kelasi yili esa Kongress kun tartibiga ham qoʻshilishi kutilmoqda.
Hamma loyihalar singari bu ham goʻyoki ezgu maqsadlarda, jumladan klublarga oʻz tarbiyalanuvchilariga, yoshlarga eʼtibor qaratishga undashga qaratilgan deb aytilsa-da, gʻoya juda xom, tushunarsiz va juda koʻp savollar keltirib chiqaradi. Umuman, menimcha, qandaydir muammolarni mana shunday cheklovlar orqali yechishga urinish turnirlar mazmuniga ziddir. Har doim maydonda kamida bir nafar yosh futbolchining boʻlishi – bu vaziyatni absurd darajaga olib borishi ham hech gap emas. Jumlaning oʻzi bir qator savollarga yoʻl ochadi, xoʻsh, maydondagi oʻsha oʻyinchi jarohat olsa nima boʻladi? Oʻrniga xuddi shunday boshqa yosh futbolchi tushishi kerakmi, yaʼni bu holda bir pozitsiyaga ikkitadan yosh futbolchi tayyorlashga toʻgʻri keladimi? Murabbiylar oʻyinga eng kuchlilarni emas, baʼzi qoʻshimcha cheklovlarni ham eʼtiborga olgan holda tayyorlashi shart boʻlib qolmaydimi? Maʼlum pozitsiya uchun tayyorlangan va klubning mana shu limit bilan bogʻliq muammosini hal qilgan yosh futbolchi uzoq muddatga jarohat olib safdan chiqsa-chi? Murabbiy oʻyin davomida boshqa taktikaga oʻtib, sxemani oʻzgartirmoqchi boʻlsa, oʻsha yosh futbolchini almashtira olmaydimi?

Yosh bilan bogʻliq shu kabi talablar juda koʻp mamlakatlarda sinab koʻrilgan va biror yerda aynan shunaqa yoʻnalish futbolni, yoshlarni kuchaytirib yuborganini bilmayman. Eng qizigʻi, Ruminiya chempionatini misol keltirish mumkin – u yerda har bir klub tarkibda ikki nafar yosh futbolchi bilan oʻynashi shart qilib belgilangan. Keyin jarohatlar va oʻyinchi almashtirishga majbur boʻlib qolish holatlari amalda paydo boʻlgach, ikki nafardan birini almashtirish huquqi ham qoʻshilgan. Absurd shu darajaga borganki, murabbiylar har safar asosiy tarkibga ikki nafardan yosh futbolchini qoʻshar, ammo 1-daqiqadayoq ulardan birini almashtirib tashlar edi.
Tabiiy va asosga ega boʻlgan bosqichlarni bunday sunʼiy cheklovlar bilan boshqarishga urinish bir qator boshqa muammolarni yuzaga chiqarishi, yosh futbolchilarning oʻsishiga yoʻl ochish oʻrniga, toʻsiqqa ham aylanishi hech gap emas. Oʻzim eslayman, 90-yillar oxirida 1-ligamizda har bir jamoa maydonda 20 yoshga toʻlmagan futbolchini tushirishga majbur edi. Qoʻqonda Soli Qurbonov degan hujumchi boʻlib, aynan shu limit tufayli doim maydonda boʻlar, tabiiyki, boshqalarga nisbatan tayyor boʻlmagan, raqobat emas, yosh tufayli doim oʻynashiga toʻgʻri kelgan futbolchida bosim kattaroq boʻlardi. Aynan limit uchun tushirilayotgani maʼlum boʻlsa-da, uning xatolari ham kechirilmas, eng koʻp tanqid eshitadigan ham u edi.
Yana boshqa misol, agar biror top-klubda Lamin Yamal yoki Ngumoa kabi rostanam talantli, oʻz kuchi bilan asosiy tarkibga kira oladigan futbolchi paydo boʻlsa? Klub mana shu futbolchi orqali oʻsha limit talabini qondirgani uchun u doim maydonga tushadi, almashtirishsiz oʻynayveradi. Yosh, oʻsib kelayotgan vujud uchun bu yuklamalar ogʻirlik qilishi turgan gap, “Barselona”dagi Pedri misolida guvoh ham boʻlganmiz. Lekin hech qanday limit klubdan gʻalaba qozonish, sovrinlar yutish talabini bekor qilmas ekan, demak, oʻsha yosh futbolchi haddan tashqari koʻp oʻynaganidan uning oʻsishi toʻxtab qolishi mumkin.
Oʻn besh yillar oldin Italiya futbolida pul kamayib, qimmatbaho legionerlar birin-ketin klublarni tark eta boshlagach, mahalliy futbolchilarga eʼtibor kuchaygan edi. A Seriyada shunaqa koʻp italiyaliklar boʻlganki, Antonio Konte Yevro-2016 tayyorgarligi paytida 70 ga yaqin futbolchini sinovdan oʻtkazgan. Mana shuncha futbolchi Italiya chempionatida toʻp suribgina qolmay, terma jamoaga nomzod boʻladigan darajada muvaffaqiyatli edi. Undan sal oldinroq APLda boshqacha muammo kuzatilgan – turlardan birida hammasi boʻlib 33 nafar ingliz futbolchisi maydonga tushirilgan ekan. Legionerlar shunday toʻlib ketganki, top-klublarda mahalliy futbolchilar deyarli yoʻq, tilga olingan oʻsha 33 futbolchi ham oʻrtamiyona jamoalarda koʻproq edi. Tasavvur qiling, APL da oʻz klubingizda asosiyga kirsangiz tamom, avtomatik ravishda Angliya terma jamoasiga ham nomzodsiz, chunki boshqa yoʻq. Oʻsha Yevro-2016 da inglizlar kichikkina Islandiyaga magʻlubiyatga uchragach, bu masala jiddiy ravishda koʻtarilgan, ammo qandaydir sunʼiy toʻsiqlar yoʻlidan borishni istashmagandi.
Oradan shuncha yil oʻtdi. Oqibat nima boʻldi? Kuchli raqobatsiz qolgan italiyalik futbolchilarda pasayish kuzatildi va vaqt oʻtib, endi kuchsizroq legionerlarga ham tarkibdagi oʻrnini yutqaza boshladilar. Hozir ham Italiyada legionerlar toʻla, ammo endi asr boshlaridagi kabi kuchli legionerlar emas, keyingi eshalon futbolchilari. Tabiiyki, terma jamoa ham zarar koʻrmoqda.
Kuchli legionerlar ostida raqobatda yutish vazifasi qoʻyilgan ingliz yoshlari esa shunga mos ravishda oʻsa boshladi. Hozirda Angliyada iqtidorli yoshlar, yulduzlar juda koʻp. Hozir ham top-klublarda legionerlar juda koʻp boʻlsa-da, bu legionerlar shunaqa kuchliki, ularni yengib asosiy tarkibga kirgan har qanday futbolchi avtomatik birinchi darajadagi yulduz boʻlib qoladi. Hozir ham APLda asosiy tarkibda toʻp surayotgan ingliz yoshlari koʻp emasdir, ammo har biri oʻta keskin raqobatdan chiqqan va har biri ertagayoq Angliya terma jamoasida oʻynab ketishga tayyor. Bu xuddi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantiraman deb import mahsulotlarga katta bojlar qoʻyilishi, oqibatda esa xalq sifatli tovarlardan mahrum boʻlib qolishiga oʻxshaydi – boshqa holatda bojlarsiz, aynan eng sifatli mahsulotlar bilan raqobat ostida eng zoʻr mahsulotlar yaratiladi bir kun kelib.
Futbolni, transferlarni, tarkibni bozor belgilab berishi kerak va bu yagona toʻgʻri yoʻldir. Albatta, top-klublarning bir futbolchi uchun 50-100 millionlab sarflashiga qarab, buning oʻrniga akademiyadan yoshlarga tayanishi samaraliroq boʻlardi, deb xulosa qilish oson, lekin bu yuzaki boʻlib qoladi. Top-klublar har qancha boy boʻlmasin, ular ham pul sanashni bilishadi, ishonavering. Bir futbolchini yetishtirish toʻgʻri, ancha arzonga tushsa-da, agar u oʻta yorqin va noyob isteʼdod egasi boʻlmasa, asosiy tarkibga tayyorlash oson emas. Yosh futbolchi maʼlum vaqtdan keyin ham oʻsib borishi uchun muntazam oʻyin amaliyoti, yuqori darajadagi yuklamalarga ehtiyoj sezadi. Doim eng yuqori oʻrinlar uchun kurashishi, har oʻyinda gʻalaba qozonishi shart boʻlgan top-klub unga shu imkoniyatni taqdim eta oladimi? Yoʻq, albatta. Klub siyosatida yoshlarga oʻrin berish, tarbiyalanuvchilarga urgʻu qaratish siyosat sifatida, muxlislar bilan munosabatlarda ancha samarali, toʻgʻri, lekin akademiyaning nomi “La Masiya” boʻlmasa, ham yoshlarni yetishtirib, ham sovrinlar uchun kurashishning iloji boʻlmaydi, birini tanlash majburiyatida qoladi.
Demak, top-klublar urgʻuni akademiyalarga emas, yosh futbolchilarni sotib olishga qaratayotgan ekan, bu sinovdan oʻtgan, oʻz kafolatiga ega boʻlgan ratsional qarordir. Yosh futbolchi Braziliya yo Argentinadan kelib “Portu”da yoki Yevropada ulgʻayib, “Ayaks”da, “Brayton”da ulgʻayishi hamma tomondan foyda.
Birinchi tomon, futbolchi aynan zarur paytda yuqori darajadagi musobaqalarda muntazam oʻynash amaliyotiga ega boʻladi, biroz bosimsiz muhitda oʻz salohiyatini ochishga sharoit ham beriladi. Ikkinchi tomon, top-klub, allaqachon sinovdan oʻtgan va ochiq ustunlik-kamchiliklariga ega boʻlgan, deyarli shakllangan futbolchi uchun pul toʻlash orqali oʻz riskini ancha kamaytirib oladi. Klub chalgʻimasdan, qaysidir yosh futbolchiga umid bogʻlamasdan oʻz yoʻnalishida davom etishi mumkin. Uchinchi tomon, oʻrtamiyona klublar ham mana shu bozor shartlarida yaxshi daromad qiladilar, yashab qolish strategiyasida oʻz faoliyatini davom ettirishadi.
Agar futbol uchrashuvini mana shunday chigʻiriqlar orqali yaratiladigan tayyor mahsulot deb olsak ham, uning isteʼmolchisi boʻlgan muxlislar uchun ayni muddao – ular tabiiy ravishda, bozor shartlarida yuzaga kelgan eng yaxshi mahsulotni tomosha qilishadi. Bizga murabbiylar tomonidan gʻalaba qozonish uchun eng kuchli hisoblangan ijrochilar gʻalaba uchun kurashayotgani taqdim etiladi. Limit tufayli maydonda yugurib yurishi majbur boʻlgan kimdir emas.
“Futbol ishlab chiqarish” jarayonining ichkarisida boʻlmagan, futbolning ichidagi munosabatlar qanday yuzaga kelganini bilmaydigan shaxslar tomonidan qoʻshimcha shartlarning kiritilishi, albatta, borini ham buzib qoʻyishi hech gap emas. Nafaqat futbolda, umuman har qanday sohada ham.








