Milodiy II-III asrlarga oid o‘g‘irlangan madaniy boyliklar Yevropaning turli mamlakatlari huquq-tartibot idoralari va olimlari ishtirokida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruv natijasida O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.
Ma’lum qilinishicha, Baqtriya va Kushon imperiyalarining markazi bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasidan noqonuniy olib chiqilgan artefaktlarning bir qismi Buyuk Britaniya poytaxti politsiyasining Sanʼat va antiqa buyumlar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan O‘zbekistonning Londondagi elchixonasiga taqdim etildi. Keyinchalik ular vatanga yetkazilib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan joy oladi.
“Ushbu voqea O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning madaniy boyliklarni vatanga qaytarishga qaratilgan izchil siyosati xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotganining tasdig‘idir. Biz hamkorlarimiz va Yevropa mamlakatlari huquq-tartibot idoralari vakillaridan ko‘rsatgan yordamlari uchun juda minnatdormiz va madaniy merosimizni asrab-avaylash va tiklashda kelgusida ham hamkorlik qilishga umid qilamiz”, degan markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
London politsiyasi detektivi Sofi Xeys taniqli olimlar va rasmiylar yig‘ilishiga topilgan artefaktlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat boyligi ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov milliy va xorijiy mutaxassislar, EXHT va WOSCU ko‘magida olib borilgan.
Ko‘rgazmada namoyish etilgan buyumlar 2025-yil noyabr oyida politsiya tomonidan Inherent Vice operatsiyasi deb nomlangan tergov davomida topilgan topilmalar qatoriga kiradi. Jami to‘qqizta eksponat, jumladan, haykallarning boshlari va gipsli freska parchalari namoyish etildi.
Bu yodgorliklar milodiy II-III asrlardan VII asrlargacha bo‘lgan davrga oid bo‘lib, O‘zbekiston uchun ham, kengroq islom dunyosi uchun ham g‘oyat muhim tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu bebaho osori-atiqalarning qaytarilishi nafaqat Yangi O‘zbekistonning yutug‘i, balki tarixiy merosini asrab-avaylashda xalqaro hamkorlik aloqalari natijasidir.
Islom sivilizatsiyasi markazi, bo‘lajak Sotheby‘s va Christie‘s auksionlarida ishtirok etish va London sanʼat galereyalariga tashrif buyurish niyatida ekanini maʼlum qildi. Ushbu tashabbuslar o‘zbek madaniy merosining yangi buyumlarini saqlab qolish va vatanga qaytarish maqsadida sotib olishga qaratilgan.
“Qaytarilgan buyumlar zamonaviy O‘zbekiston hududining qadimiy tarixining turli davrlariga oid bo‘lib, Markaziy Osiyoda asrlar davomida kechgan sivilizatsiya jarayonlarining xilma-xilligini aks ettirishi bilan alohida tarixiy va ilmiy qimmatga ega”, degan O‘zbekiston Antropologiya instituti direktori Farhod Maqsudov.
Toshkentning Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda davlat rahbarining tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi aprel oyining o‘rtalarida “eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” nominatsiyasi bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgandi. Bu e’tirof majmuaning ko‘lami va islomiy ilmiy-madaniy merosni zamonaviy yondashuv asosida namoyish etish borasidagi ahamiyati xalqaro darajada tan olinganini ko‘rsatdi.








