Daryo

Toshkentda “Musodara tovarlar” nomli kanal yuritgan shaxs ushlandi

U firbgarlik maqsadida go‘yoki chet eldan kelgan noqonuniy tovarlar bojxona organlari tomonidan musodara qilingani va shu sabab 80 foiz chegirma bilan sotilayotgani haqida turli tovarlar rasmi va narxlarini e’lon qilib kelgan.

2 daqiqa o‘qish3 866 ko‘rishlar0 izoh0

Toshkentning Mirobod tumanida 27-aprel kuni “Musodara tavvarlar” Telegram kanali va Instagramdagi “musodara_tavar_arzon” sahifasining ma’muri ushlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan 18 yoshli ushbu shaxs Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi tomonidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. Holatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar tegishli tartibda saqlovga olingan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

U o‘zi yuritgan kanallar orqali go‘yoki chet eldan kelgan noqonuniy tovarlar bojxona organlari tomonidan musodara qilingani va shu sabab 80 foiz chegirma bilan sotilayotgani haqida turli tovarlarning rasmi va narxlarini muntazam e’lon qilib kelgan. Xaridorlar ishonchini qozonish uchun kanal va akkaunt profillarida soxta litsenziya, DXX va bojxona idoralarining rasmiy logotiplaridan foydalangan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Eslab qoling, bojxona organlari tomonidan muqaddam noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan va sud qarori asosida davlat egaligiga o‘tkazilgan tovarlar sotuvi faqatgina “Bojxona servis” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Musodara tovarlar nomli kanal va guruhlarni firibgarlik maqsadida ochilgan

Kanaldagi e’lonlarda tovlarlar narxi hayratlanarli darajada arzon ko‘rsatiladi. Bunga ishonib qolgan fuqarolar uni sotib olish uchun kanal ma’murlari bilan bog‘lanib, bank kartasi orqali pulni o‘tkazib beradi. Pul o‘tganidan so‘ng darhol mijoz bilan aloqa uziladi. Ya’ni xaridorlarning akkaunti “qora ro‘yxat”ga kiritiladi. Shu bilan pul ham tovar ham yo‘q.

Bu kabi holatlar jamoatchilikda bojxona organlari obro‘siga putur yetkazadi. Shu bois Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan go‘yoki bojxona organlari nomidan musodara qilingan tovarlarni sotish niqobi ostida odamlar ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan ularning pullarini o‘zlashtirib kelayotgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.

2026-yil boshlarida Telegram va Instagram’da “Musodara tovarlar” nomli soxta guruhlar tashkil etganlar qamoqqa olingandi. Jinoiy guruh a’zolari dastlabki tergovga qadar jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan 117 million so‘mni o‘zlashtirgan va pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Mahsulotni talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar esa javobsiz qoldirilib, ijtimoiy tarmoqlarda “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar