Sanksiyalar ostidagi rossiyalik milliarder Aleksey Mordashovga aloqador superyaxta 25-aprel kuni Hormuz bo‘g‘ozidan oʻtdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Nord yaxtasi AQSH-Eron mojarosi sababli blokada qilingan dengiz yo‘lidan o‘tgan kam sonli kemalardan biri hisoblanadi. Qiymati 500 million dollardan ortiq bo‘lgan 142 metrlik yaxta 24-aprel kuni Dubay bandargohidan chiqqan. U ertasi kuni bo‘g‘ozni kesib o‘tgan va 26-aprel kuni tongda Maskat (Ummon poytaxti) ga yetib kelgan.
Superyaxta marshrutdan foydalanishga qanday ruxsat olgani noma’lum. Fevral oyidan boshlab Eron global neft yetkazib berishining beshdan bir qismini amalga oshiradigan bo‘g‘oz orqali harakatlanishni chekladi. Hozirda boʻgʻozdan faqat ruxsatnoma olgan kema va tankerlargina harakatlanmoqda.
Po‘lat magnati hisoblangan Mordashovning vakili bunga izoh berishdan bosh tortgan. 28-fevralda Eronga qarshi urush boshlanishidan oldin Hormuzda kuniga o‘rtacha 125 dan 140 gacha kemalar qatnagan.
Rossiya va Eron uzoq yillik ittifoqchilar bo‘lib, so‘nggi yillarda razvedka va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik orqali yanada yaqin aloqalar oʻrnatdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi dam olish kunlari Pokiston va Ummondagi vositachilar bilan muzokaralardan so‘ng prezident Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga keldi.
Putinga yaqinligi ma’lum bo‘lgan Mordashov Nord yaxtasi egasi sifatida roʻyxatga olinmagan. Biroq kema qatnovi ma’lumotlari va 2025-yilgi Rossiya korporativ reyestrlari shuni ko‘rsatadiki, yaxta 2022-yilda uning rafiqasiga tegishli bo‘lgan Rossiya firmasiga rasmiylashtirilgan. Ushbu firma Mordashovning “Severstal” metallurgiya kompaniyasi kabi Cherepovets shahrida ro‘yxatdan o‘tgan.
Mordashov Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Putin bilan aloqalari uchun AQSH hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyaga uchragan bir qator rossiyaliklar qatorida edi. Dunyodagi eng yirik yaxtalardan biri bo‘lgan Nord 20 ta lyuks xona, suzish havzasi, vertolyot maydonchasi va suv osti kemasini oʻz ichiga oladi.








