AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 2026-yil 12-martgacha kemalarga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlarini qonuniy sotish imkonini beruvchi sanksiyalarning vaqtinchalik yumshatilishini uzaytirmadi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Shu tariqa Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalar 11-apreldan qayta tiklandi. Yumshatish choralari Yaqin Sharqdagi urush boshlanganidan keyin energetika bozorlaridagi vaziyat keskin yomonlashishi fonida joriy etilgan edi. Eronning Hormuz bo‘g‘ozini yopishi jahon neft eksportining kuniga taxminan 13 million barrelga qisqarishiga va bir barrel narxi 100 dollardan oshishiga olib keldi.
Bunday sharoitda Oq uy global bozorda xomashyo taklifini oshirishga intildi hamda Rossiya va Eronga nisbatan sanksiyalar rejimini vaqtincha yumshatdi. Bu esa xaridorlarga allaqachon jo‘natilgan neftni qonuniy sotib olish imkonini berdi.
The New York Times nashrining aniqlik kiritishicha, Eron neftini sotishga berilgan qisqa muddatli ruxsatnoma muddati 19-aprelda tugaydi. AQSH Moliya vazirligi uning amal qilish muddatini uzaytirmoqchi emas.
Rossiya Yaqin Sharqdagi urushdan milliardlab dollar ishlab topdi
Xalqaro energetika agentligining (XEA) oylik hisobotiga ko‘ra, Rossiyaning neft va neft mahsulotlari eksportidan olgan daromadi 2026-yil mart oyida 19 milliard dollargacha ko‘tarildi. Taqqoslash uchun bu fevral oyidagidan 9,3 milliardga va 2025-yilning martiga nisbatan 4,8 milliard dollarga ko‘pdir.
Rossiyadan neft eksporti kuniga 0,27 million barrelga (4,6 million barrelgacha), neft mahsulotlari eksporti 0,05 million barrelga (2,5 million barrelgacha) oshdi. Neft va neft mahsulotlarining umumiy eksporti kuniga 0,32 million barrelga ko‘payib, 7,1 million barrelni tashkil etdi.
Rossiyada neft qazib olish mart oyida kuniga 0,29 million barrelga oshib, 8,96 million barrelga yetdi, biroq bu ko‘rsatkich OPEK+ kelishuvi doirasidagi Rossiya kvotasidan 0,61 million barrelga pastdir. Umumiy suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmi esa kuniga 10,32 million barrelgacha o‘sdi.








