Daryo

Nigeriyada qurollangan shaxslar cherkovdan 172 kishini o‘g‘irlab ketdi

Bir guruh hujumchilar Kaduna shtatidagi ikkita cherkovga hujum uyushtirdi va ibodat qilayotgan odamlarni o‘g‘irladi. Ammo ulardan to‘qqiz nafari qochishga muvaffaq bo‘ldi.

2 daqiqa o‘qish3 288 ko‘rishlar0 izoh2

Nigeriyaning Kaduna shtatida 18-yanvar kungi ibodat vaqtida qurollangan jangarilar ikki cherkovga hujum uyushtirib, 172 nafar odamni o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Nigeriya Xristianlar assotsiatsiyasi rahbari Jozef Xayabning 19-yanvar kuni ma’lum qilishicha, hujumchilar ko‘p sonli guruh bo‘lib kelib, cherkovlar kirish qismini to‘sib qo‘ygan.

“Ular ibodat qiluvchilarni cherkovdan majburan olib chiqib, butazorlar ichiga haydab ketdi. Dastlab 172 kishi olib ketilgan edi, biroq ularning 9 nafari qochishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda 163 kishi jangarilar qo‘lida qolmoqda”, dedi Jozef Xayab.

Shtat parlamentida hudud manfaatlarini himoya qiluvchi siyosatchi Usman Danlami Stingo esa cherkovlarda uchta alohida hujum sodir bo‘lganini va o‘g‘irlanganlar soni 168 nafarni tashkil etishini bildirmoqda.

Politsiya vakilining Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, hujumchilar zamonaviy o‘qotar qurollar bilan qurollangan edi. Hozirda politsiya o‘g‘irlanganlarning aniq sonini tasdiqlash ustida izlanmoqda. Hodisa asosan xristianlar istiqomat qiladigan va o‘rmonli hududda joylashgan Kurmin Vali qishlog‘ida yuz bergan. Hududning chekka ekani va yo‘llarning yomonligi qidiruv ishlarini qiyinlashtirmoqda.

Odam o‘g‘irlash — “daromadli sanoat”

Nigeriyaning markaziy va shimoliy hududlarida bunday hujumlar tez-tez uchrab turadi. Bu yerda xavfsizlik kuchlari va hukumat nazorati sustligi sababli turli jinoiy guruhlar yoki “banditlar”, shuningdek, qurolli diniy guruhlar chekka qishloqlarga reydlar uyushtiradi. Jumladan, 2025-yil noyabr oyida Kaduna bilan chegaradosh Niger shtatidagi katolik maktabidan 300 dan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘g‘irlab ketilgan edi. So‘ngra ular bir necha hafta o‘tgach ikki partiyada qo‘yib yuborilgan.

Nigeriyada odam o‘g‘irlash to‘lov evaziga amalga oshiriladigan “tizimli daromad sanoati”ga aylangan. SBM konsalting kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, 2024-yil iyun oyidan 2025-yil iyul oyigacha bo‘lgan davrda jinoyatchilar bu orqali 1,66 million dollar foyda ko‘rgan.

Diniy ziddiyatmi yoki yer talashish?

Kaduna shtatidagi Kajuru tumani xristian dehqonlar va fulani-musulmon chorvadorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar o‘chog‘i hisoblanadi.

“Bu etnik va diniy ziddiyatdek ko‘rinsa-da, zo‘ravonliklar negizida yer va kamayib borayotgan resurslar ustidagi raqobat yotibdi”, deyiladi xabarda.

Nigeriya aholisi tarkibini 56 foiz musulmonlar (asosan shimolda yashaydi) va 43 foiz xristianlar (asosan janubda yashaydi) tashkil etadi. Ekspertlarning fikricha, Nigeriyadagi ko‘p sonli mojarolarda ham xristianlar, ham musulmonlar birdek nishonga olinmoqda va buni “diniy urush” deb atash soddalashtirilgan yondashuvdir.

Biroq AQSH prezidenti Donald Tramp Nigeriyadagi beqarorlikka e’tibor qaratib, xristianlarning o‘ldirilayotganini da’vo qilmoqda. Nigeriya hukumati mamlakatdagi xavfsizlik inqirozini “xristianlar genotsidi” deb atalishini rad etgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar