Daryo

Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochib, urushni tugatishni taklif qildi — Axios

Tehron yadroviy muzokaralarni keyinga surib, avvalo dengiz blokadasini bekor qilishni ilgari surdi. Ammo Tramp blokadani Eronni uranni boyitishdan voz kechishga majburlash vositasi sifatida ko‘radi.

1 daqiqa o‘qish7 347 ko‘rishlar0 izoh4

Eron AQSHga Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va urushni tugatish bo‘yicha yangi takliflar berdi. Bu haqda manbalarga tayanib Axios xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron yadroviy dastur muhokamasini keyingi bosqichga qoldirib, avvalo urushni to‘xtatish va dengiz blokadasini bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan. Taklif Pokiston vositachilari orqali AQSHga yetkazilgan.

Eron ushbu reja orqali yadroviy yon berishlar masalasidagi kelishmovchiliklarni chetlab o‘tib, kelishuvga tezroq erishishni ko‘zlamoqda. Biroq dengiz blokadasi AQSH prezidenti Donald Trampning Eronni uranni boyitishdan voz kechishga majburlovchi asosiy vositasi hisoblanadi.

AQSH prezidenti 27-aprel kuni milliy xavfsizlik jamoasi bilan ushbu masalani muhokama qilishi kutilmoqda. Avvalroq u Eron neft eksportiga qo‘yilgan dengiz blokadasini davom ettirish niyatida ekanini bildirgan. Tramp iqtisodiy bosim bir necha hafta ichida Tehronni yon berishga majbur qilishini aytgandi.

Diplomatik inqiroz o‘tgan dam olish kunlari Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining Pokistonga tashrifi natijasiz yakunlangach, yanada chuqurlashdi. Tramp o‘zining muzokarachilari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Islomobodga safarini bekor qildi. U 18 soat parvoz qilib, natijasi muvaffaqiyatsiz tugashi mumkin bo‘lgan muzokaralardan ma’no yo‘qligini aytgan. Eron TIV rahbari esa Pokistondagi uchrashuvda mamlakatning “qizil chiziqlari”ga aniqlik kiritib, o‘zaro kelishuv imkoniyatlarini muhokama qilgan.

Aroqchi 27-aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada muzokara o‘tkazishi kutilmoqda. AQSH tomoni esa Eronning kamida o‘n yil davomida uranni boyitishni to‘xtatishini va mavjud zaxiralarni mamlakatdan chiqarib yuborishini talab qilmoqda.

Oq uy matbuot xizmati vakili Oliviya Uels diplomatik muhokamalar davom etayotganini tasdiqladi. Biroq u AQSH faqat o‘z manfaatlariga mos keladigan va Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan kelishuvga rozi bo‘lishini ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida, Eron va AQSH o‘rtasidagi ilk muzokaralar 11-aprel kuni Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda 21 soat davom etgan muzokara natijasiz yakunlangandi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar