AQSH prezidenti Donald Tramp Eron boʻyicha muzokaralar uchun Islomobodga ketishi kerak boʻlgan ikki vakilining safarini bekor qildi.
AQSH tomonidan muzokaralarda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner qatnashishi kerak edi. Prezident Eronning muzokaralardagi pozitsiyasi sababli tashrifni bekor qilganini aytdi.
Biroz avval odamlarim uchishga shaylanib turganida ularga: “Yo‘q, u yerga 18 soat uchib bormaysizlar. Barcha “kozir” kartalar bizning qo‘limizda. Ular bizga istalgan vaqtda qo‘ng‘iroq qilishi mumkin, ammo sizlar shunchaki hech narsani muhokama qilib o‘tirish uchun boshqa 18 soatlik parvozlarni amalga oshirmaysiz, dedim, deya Trampning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Fox News.
Axios jurnalisti Barak Ravid ham Tramp bilan telefon orqali gaplashganini va prezident unga Uitkoff hamda Kushnerning safari bekor qilinganini tasdiqlaganini aytdi.
“Hozirgi vaziyatda ularni 18 soatlik parvozga jo‘natishdan ma’no ko‘rmayapman. Bu juda uzoq. Biz buni telefon orqali ham qilishimiz mumkin”, degan Tramp unga.
Bu urushning qayta boshlanishini anglatadimi degan savolga AQSH prezidenti “yoʻq, bu haqda hali oʻylamaganmiz” deya javob berdi.
Al Jazeera xabariga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Pokiston rasmiylari, jumladan, bosh vazir Shahboz Sharif bilan uchrashuvdan so‘ng Islomobodni tark etgan. Pokiston va Eron delegatsiyalari uchrashuv o‘tkazib, unda Eronning “qizil chiziqlari”ga aniqlik kiritib, oʻzaro kelishuv uchun imkoniyatlar muhokama qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, Eron va AQSH o‘rtasidagi ilk muzokaralar 11-aprel kuni Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda 21 soat davom etgan muzokara natijasiz yakunlangandi.
Tomonlar 22-aprel kuni uchrashishi kutilayotgan edi. Tramp 19-aprel kuni AQSH delegatsiyasini muzokaralarga yuborganini e’lon qildi. Axios esa Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy 20-aprel kuni muzokara o‘tkazishga ruxsat berganini xabar qildi. Biroq Tasnim agentligi Eron 22-aprelga belgilangan AQSH bilan muzokaralar o‘tkazishdan uzil-kesil bosh tortganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, AQSH prezidenti Donald Tramp 22-aprel kuni tugashi kerak bo‘lgan Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish sulhini noma’lum muddatga uzaytirdi. Tramp tegishli qarorni Pokiston iltimosiga ko‘ra qabul qilganini aytdi.








