Samarqandda issiqxona uchun ajratilgan 2 gektar yer maydonini 490 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ikki shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1993-yilda tug‘ilgan shaxs Samarqand tumanida yashovchi 1983-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan oldindan til biriktirgan. Ular fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil etish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini xaridorga 490 ming dollarga sotishni rejalashtirgan.
Gumonlanuvchi yer hujjatlarini mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u kelishilgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Avvalroq Qashqadaryoning Qarshi shahri va Shahrisabz tumanida kadastr xodimlari pora olayotganda ushlangani haqida xabar berilgandi. Oldindan 4 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.








