Daryo

Chess.com Open 2026: Nodirbek Abdusattorov JCH yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda

Mazkur musobaqa 2026-yilgi kibersport bo‘yicha Jahon chempionatiga saralash turniri bo‘lib, mukofot jamg‘armasi 250 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

1 daqiqa o‘qish9 366 ko‘rishlar0 izoh5

O‘zbekistonning birinchi raqamli grossmeysteri Nodirbek Abdusattorov dunyoning eng yirik onlayn shaxmat turnirlaridan biri — Chess.com Open 2026 musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Mazkur musobaqa kibersport bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati (Esports World Cup) uchun saralash vazifasini bajaradi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 250 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

NAVI jamoasi safida ishtirok etayotgan Nodirbek Abdusattorov belaruslik Denis Lazavikka qarshi bahsda imkoniyatni boy bergani sabab, kurashni mag‘lublar yo‘lagi orqali davom ettirdi. U ikkinchi raundda rossiyalik Yan Nepomnyashiy ustidan 1,5:0,5 hisobida g‘alaba qozonib, uchinchi bosqichga yo‘l oldi. Keyingi bosqichda Abdusattorov hamyurtimiz Javohir Sindorovni musobaqadan chiqarib yuborgan fransiyalik Maksim Vashye-Lagrav bilan to‘qnash keldi va 1,5:0,5 hisobida ustunlikka erishdi.

Nodirbek chorak finalda hindistonlik Nihal Saringa qarshi dona suradi. Ushbu bellashuv 25-aprel kuni Toshkent vaqti bilan 20:15 da start oladi. G‘alaba qozongan shaxmatchi yarim finalda Denis Lazavik yoki eronlik Movahed bilan to‘qnash keladi. Mag‘lublar yo‘lagi orqali grand finalga yo‘l olgan grossmeyster dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsen bilan turnir g‘olibligi uchun bahs yuritishi mumkin.

Shaxmatchilar “10+0” (rapid) formatida bahslashmoqda. Reglamentga ko‘ra, ikkita raqibdan mag‘lubiyatga uchragan ishtirokchi chempionlik uchun kurashni tark etadi. 23-aprel kuni 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov o‘z ishtirokini yakunlagan edi. Dastlab rossiyalik Danil Dubovga yutqazgan Sindorov, ikkinchi imkoniyatda Maksim Vashye-Lagrav bilan kuch sinashdi. Dastlabki ikki partiyada 1:1 hisobi qayd etilib, armageddon (shaxmatdagi penaltilar seriyasi) bahsida Sindorov mag‘lub bo‘ldi va musobaqa bilan xayrlashdi.

Ma’lumot uchun, 2025-yilgi Esports World Cup turnirida NAVI jamoasi bilan qatnashgan Nodirbek Abdusattorov 5-o‘rinni egallab, 85 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritgan edi. Ishtirokini guruh bosqichida yakunlagan Team Vitality vakili Javohir Sindorov esa 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlangan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar