Bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmalari rahbariyatida 21-aprel kuni bir qator tayinlovlar amalga oshirildi.
Bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i bilan polkovnik Bahodir Qutlimuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan polkovnik Zafarjon Turdaliyev Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Shu munosabat bilan podpolkovnik To‘rayev Shavkat Shonazarovich Bojxona qo‘mitasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimidan ozod etilib, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Bahodir Qutlimuratov tayinlovga qadar Bojxona qo‘mitasining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi. Uning o‘rniga polkovnik Qahramon Umarov Andijon viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Tayinlovga u qadar Bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib podpolkovnik Iskandar Agzamxo‘jayev tayinlandi. Tayinlovgacha Bojxona qo‘mitasining “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Bojxona qo‘mitasining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i lavozimida polkovnik Salixov Shavkat Sanʼatovich ishlab kelayotgandi. U lavozimidan ozod etilgach, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib mayor Nargiza Xoshimova tayinlandi. U Bojxona qo‘mitasi Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasining Moliya-iqtisodiyot sho‘basi bosh inspektori lavozimida ishlab kelayotgandi.
Shu munosabat bilan podpolkovnik Jasurbek Fayzullayev Bojxona qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etilib, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bojxona qo‘mitasining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan podpolkovnik Umidjon Qodirov Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i etib mayor Dildora Azimova tayinlandi. Bunga qadar “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Bojxona to‘lovlari va statistikasi sho‘basi boshlig‘i lavozimida ishlagan.








