AQSH prezidenti Donald Tramp 16-aprel kuni Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga yaqin orada erishishiga ishonch bildirdi. U buning uchun Pokistonga tashrif buyurishi mumkinligini istisno etmadi.
Trampga ko‘ra, AQSH va Eron o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv kelayotgan dam olish kunlari bo‘lib o‘tishi mumkin. Shuningdek, u amaldagi ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish ehtimoli borligini, biroq Tehron kelishuvni xohlayotgani sababli bunga hojat qolmasligini aytdi.
“Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Lekin, menimcha, biz Eron bilan bitim tuzishga juda yaqin turibmiz”, dedi u Oq uy binosi oldida jurnalistlarga.
Prezident agar kelishuvga erishilsa va u Pokiston poytaxti Islomobodda imzolansa, u yerga shaxsan borishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
“Men Pokistonga borishim mumkin, ha. Pokiston ajoyib harakat qildi. Agar bitim Islomobodda imzolanadigan bo‘lsa, men u yerga borishim mumkin. Ular buni istaydi”, dedi Tramp.
AQSH va Eron o‘rtasida vositachilik qilayotgan pokistonlik manbaning 17-aprel kuni ma’lum qilishicha, “parda ortidagi” diplomatiyada siljish kuzatilmoqda. Tomonlarning bo‘lajak uchrashuvi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash bilan yakunlanishi mumkin. Shundan so‘ng 60 kun ichida keng qamrovli bitim imzolanishi kutilmoqda.
“Har ikki tomon prinsipial jihatdan kelishib oldi. Texnik tafsilotlar keyinroq hal qilinadi”, dedi ismini oshkor qilmagan manba.
Diplomatik manbaga ko‘ra, asosiy vositachi — Pokiston armiyasi rahbari, feldmarshal Asim Munir 15-aprel kunidan beri Tehronda muzokaralar olib bormoqda. U “nozik masalalar” bo‘yicha sezilarli natijaga erishgan.
Bahsli masalalar: yadro dasturi va sanksiyalar
Muzokaralardagi asosiy mavzu Tehronning yadroviy ambitsiyalari bo‘lib qolmoqda. O‘tgan dam olish kunlaridagi uchrashuvda AQSH Eronning barcha yadroviy faoliyatini 20 yilga to‘xtatishni taklif qilgan. Tehron esa bu muddatni 3 yildan 5 yilgacha deb belgilashni so‘ragan.
Eron tomoni xalqaro sanksiyalarni bekor qilishni talab qilmoqda. Vashington esa yuqori darajada boyitilgan uranni Erondan olib chiqib ketishni shart qilib qo‘ygan. Erondagi manbalarning bildirishicha, bu masalada murosaga kelish belgilari bor. Tehron boyitilgan uran zaxirasining bir qismini mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborishni ko‘rib chiqmoqda.








