Daryo

AQSH va Eron o‘rtasidagi otashkesim uzaytirilishi mumkin

Ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish sulhi 22-aprel kuni yakuniga yetadi. Biroq tomonlar diplomatiyaga imkon berish uchun otashkesimni uzaytirish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishgani aytilmoqda.

2 daqiqa o‘qish3 214 ko‘rishlar0 izoh1

15-aprel kuni vositachilar AQSH va Eron o‘rtasidagi vaqtinchalik otashkesim muddatini uzaytirish va kelasi hafta tugaydigan “mo‘rt” kelishuvni saqlab qolish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda vositachilar o‘z ismini oshkor qilmaslik sharti bilan AP News nashriga ma’lumot berdi.

AQSHning Eron portlarini blokada qilishi va Tehronning yangi tahdidlari bir hafta muqaddam erishilgan kelishuvni xavf ostiga qo‘ygan edi. Biroq tomonlar diplomatiyaga imkon berish uchun sulhni uzaytirish bo‘yicha “prinsipial kelishuv”ga erishgan.

Ikki haftalik otashkesim  22-aprel kuni yakuniga yetadi. Muzokaralarda ishtirok etayotgan rasmiylardan birining so‘zlariga ko‘ra, vositachilar o‘tgan dam olish kunlaridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni to‘xtatib qo‘ygan uchta asosiy nuqta bo‘yicha murosaga erishishga harakat qilmoqda:

1 — Eronning yadroviy dasturi;

2 — Hormuz bo‘g‘ozi;

3 — urush davridagi zararlar uchun tovon puli.

AQSH prezidenti Donald Tramp va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 14-aprel kuni yaqin orada muzokaralar qayta tiklanishi ehtimoli yuqori ekanini bildirdi.

Urush statistikasi va iqtisodiy zarba

28-fevral kuni boshlangan harbiy harakatlar dunyo iqtisodiyotini larzaga keltirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida:

  • Eronda kamida 3 000 kishi;
  • Livanda 2 100 dan ortiq kishi;
  • Isroilda 23 kishi;
  • Fors ko‘rfazi davlatlarida 10 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, 13 nafar AQSH harbiy xizmatchisi hayotdan ko‘z yumgan.

15-aprel kuni urush yakunlanishiga bo‘lgan umidlar fonida neft narxi tushdi, AQSH fond birjalari esa yanvar oyidagi rekord darajalarga yaqinlashdi. Shunga qaramay, Vashingtonning blokadasi sulh taqdirini so‘roq ostida qoldirmoqda.

“Menimcha, ular kelishuvga erishishni juda ham istamoqda. Hammasi yakunlanishiga juda oz qoldi deb o‘ylayman”, dedi Tramp Fox Business Network telekanaliga bergan intervyusida.

Blokada va Hormuzdagi vaziyat

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xabariga ko‘ra,  blokada  joriy etilgan dastlabki 24 soat ichida birorta ham kema undan o‘ta olmagan. Oltita savdo kemasi AQSH harbiylari buyrug‘iga bo‘ysunib Eron suvlariga qaytib ketgan.

Eron 28-fevralda urush boshlanganidan beri asosan Osiyo davlatlariga millionlab barrel neft eksport qilib kelmoqda. Bu savdoning katta qismi sanksiyalarni chetlab o‘tuvchi “qora tranzitlar” orqali amalga oshirilgan. Dunyo neft savdosining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozining Tehron tomonidan amalda yopib qo‘yilishi global miqyosda yoqilg‘i, oziq-ovqat va asosiy tovarlar narxi oshishiga sabab bo‘ldi.

Livan frontidagi vaziyat

Vashingtonda 14-aprel kuni 33 yildan beri ilk bor o‘tkazilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlarga  qaramay, Isroil Livanda havo va quruqlikdagi operatsiyalarini davom ettirmoqda. Livan Milliy axborot agentligi 15-aprel kuni mamlakat janubida, xususan, Isroil kuchlari “Hizbulloh” jangchilarini qamal qilib turgan Bint Jbeyl yaqinida shiddatli zarbalar berilganini xabar qildi.

Isroilning AQSHdagi elchisi Yexiel Layter ikki davlat Livanni “Hizbulloh”dan ozod qilishda “tenglamaning bir tomonida” ekanini aytdi. Livan elchisi Nada Hamada Moavad esa uchrashuvni “konstruktiv” deb atadi va zudlik bilan urushni to‘xtatishga chaqirdi.

2-martdan buyon davom etayotgan to‘qnashuvlar sababli Livanda 1 milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Isroil va Livan 1948-yilda Isroil davlati tuzilganidan beri texnik jihatdan urush holatida hisoblanadi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar