Daryo

AQSH va Eron shu hafta muzokaralarni qayta boshlashi mumkin — Reuters

Delegatsiyalar 17 yoki 19-aprel kunlari uchrashishi mumkin, ammo aniq sana hozircha belgilanmagani aytilmoqda.

3 daqiqa o‘qish3 038 ko‘rishlar0 izoh4

AQSH va Eron muzokara delegatsiyalari shu hafta oxirida urushga chek qo‘yish masalasini muhokama qilish uchun Islomobodga qaytishi kutilmoqda. Bu haqda 14-aprel kuni Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

O‘tgan dam olish kunlarida o‘tkazilgan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Vashington Eron portlariga nisbatan blokada joriy etdi. Garchi AQSHning ushbu harakati Tehronning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, diplomatik muloqot davom etishi haqidagi xabarlar neft bozorini “tinchlantirdi” va seshanba kuni xalqaro birjalarda neft narxi 100 dollardan pastga tushdi.

Muzokaralar va o‘t ochishni to‘xtatish tartibi

1979-yilgi Islom inqilobidan buyon ikki raqib davlat o‘rtasida o‘tkazilgan eng yuqori darajadagi ushbu muzokaralar Pokiston poytaxtida natijasiz tugagan edi. Bu holat ikki haftalik sulhning (hali muddat tugashiga bir hafta bor) kelajagini so‘roq ostida qoldirdi.

Biroq muzokaralarga yaqin manbaning ta’kidlashicha, har ikki davlat joriy hafta oxirigacha Islomobodga qaytishi mumkin. Muzokara guruhlarini qayta yuborish bo‘yicha taklif allaqachon Vashington va Tehronga yetkazilgan. Eronlik yuqori martabali mulozimning so‘zlariga ko‘ra, delegatsiyalar 17-aprel va 19-aprel kunlari uchrashishi mumkin, ammo aniq sana hozircha belgilanmagan.

AQSH prezidenti Donald Tramp 13-aprel kuni Eron bilan aloqaga chiqilganini va Tehron kelishuv tuzish niyatida ekanini bildirdi. Shu bilan birga, Tramp Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘yadigan har qanday kelishuvni rad etishini ta’kidladi.

Hormuz bo‘g‘ozi va blokada

28-fevralda AQSH va Isroil Eronga qarshi urush boshlaganidan buyon, Tehron Hormuz bo‘g‘ozini barcha xorijiy kemalar uchun yopib qo‘ygan edi. Tehron faqat to‘lov evaziga va Eron nazorati ostida o‘tishga ruxsat berilishini ma’lum qilgan. Dunyo bo‘ylab neft va gazning qariyb beshdan bir qismi ushbu tor suv yo‘li orqali o‘tishi sababli, bu qaror global iqtisodiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Bunga javoban 13-aprel kunidan boshlab AQSH harbiylari Eron portlariga kirayotgan va chiqayotgan kemalarni to‘sishni (blokada) boshladi. Tehron bunga javoban bo‘g‘oz orqali o‘tadigan harbiy kemalarga zarba berish va qo‘shni Fors ko‘rfazi davlatlarining portlaridan o‘ch olish bilan tahdid qildi.

Energiya xavfsizligi va iqtisodiy oqibatlar

AQSH blokadasi global energiya xavfsizligi va neft mahsulotlariga bog‘liq bo‘lgan tovarlar yetkazib berish istiqbollarini yanada mavhumlashtirdi. AQSHning NATO bo‘yicha ittifoqchilari, jumladan Buyuk Britaniya va Fransiya ushbu blokadada ishtirok etmasligini hamda nizoga aralashmasliklarini bildirdi. Ular asosiy e’tiborni suv yo‘lini qayta ochishga qaratish zarurligini ta’kidlamoqda.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) 14-aprel kuni global neft taklifi va talabi o‘sishi bo‘yicha prognozlarini keskin pasaytirdi. Agentlikka ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urush neft oqimiga to‘sqinlik qilayotgani va global iqtisodiyotga bosim o‘tkazayotgani sababli, bu ko‘rsatkichlar 2025-yilgi darajadan ham past bo‘lishi kutilmoqda.

Yadroviy talablar o‘zgarmaydi

Vashington delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens 13-aprel kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida muzokaralarda bir muncha siljish borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehronning ba’zi harakatlari ijobiy belgi bo‘lsa-da, bu yetarli emas.

Vens prezident Trampning pozitsiyasi qat’iy ekanini ta’kidladi: har qanday boyitilgan yadroviy material Erondan olib chiqib ketilishi va Tehron yadro quroli ustida ishlamayotganini tekshirish uchun maxsus mexanizm yaratilishi shart.

Sulh holati va tahdidlar

AQSH va Isroilning Erondagi obyektlarga zarba berishini to‘xtatib turgan sulh tartibi, ikki tomonlama keskin ritorikaga qaramay, birinchi haftada asosan saqlanib qoldi. Eron harbiy vakili AQSHning cheklovlarini “qaroqchilik” deb atadi va agar Eron portlariga tahdid solinsa, Fors yoki Ummon ko‘rfazidagi hech bir port xavfsiz bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bo‘g‘ozga yaqinlashadigan har qanday harbiy kemani sulhni buzish deb baholashini bildirdi.

Tramp esa ijtimoiy tarmoqlarda Eron harbiy-dengiz floti urush davomida butunlay yo‘q qilinganini va faqat kichik tezyurar kemalar qolganini yozdi.

“Ogohlantirish: Agar ushbu kemalarning birortasi blokadamizga yaqinlashsa, ular darhol yo‘q qilinadi”, deb yozdi Tramp.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) blokada faqat Eron portlariga kiruvchi va chiquvchi kemalarga nisbatan qo‘llanilishini, neytral kemalarning Hormuz bo‘g‘ozi orqali boshqa yo‘nalishlarga o‘tishiga to‘sqinlik qilinmasligini aniqlashtirdi. 14-aprel kungi ma’lumotlarga ko‘ra, Eron bilan bog‘liq uchta tanker bo‘g‘ozdan o‘tgan, biroq ular Eron portlariga yo‘nalmagani sababli blokada cheklovlariga tushmagan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar