Eron AQSH va Isroil havo hujumlaridan yetkazilgan zararni 270 milliard dollarga baholamoqda. Bu haqda hukumat rasmiy vakili Fotima Mohajerani “RIA Novosti”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Dastlabki va xomaki raqamlar hozirgi vaqtgacha yetkazilgan zarar 270 milliard dollar ekanini ko‘rsatmoqda”, dedi u.
Mohajeranining so‘zlariga ko‘ra, hukumatning iqtisodiy bloki aniqroq miqdorni bir necha bosqichdan iborat jarayon orqali belgilaydi. Ulardan birinchisi — bevosita binolarga yetkazilgan zararni baholash; ikkinchisi — byudjet daromadlarining yo‘qotishlari va sanoat obyektlari faoliyatining to‘xtatilishi oqibatlari hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, AQSH tomonidan Eronga yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lash masalasi Eron muzokaralar guruhi shug‘ullanayotgan mavzulardan biridir. Bu masala yaqinda Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ham o‘rtaga tashlangan.
“Biz albatta qonuniy usullar bilan xalqimizning huquqlarini himoya qilamiz, bu Minob maktabida yaqinlarimizning to‘kilgan qoni uchun tovon puli to‘lanishiga ham taalluqli”, dedi Mohajerani.
Isroil qancha zarar koʻrdi?
Eronga qarshi urush Isroil byudjetiga taxminan 35 milliard shekel (11,5 milliard dollar)ga tushdi. Xarajatlarning asosiy qismi, ya’ni taxminan 22 milliard shekel Isroil mudofaa kuchlari, Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik vazirligi va boshqa xavfsizlik idoralari uchun harbiy sarf-xarajatlarga yo‘naltirilgan.
Bu mablag‘ harbiy texnika sotib olish va zaxiradagi kuchlarni safarbar etishga sarflangan. Moliya vazirligi ushbu summa 2026-yilgi davlat byudjeti doirasida Mudofaa vazirligiga ajratilganini bildirdi.








