Eronga qarshi urush Isroil byudjetiga taxminan 35 milliard shekel (11,5 milliard dollar) ga tushdi. Bu haqda Isroil Moliya vazirligiga tayanib, The Times of Israel xabar berdi.
Vazirlik Isroil va AQSHning 40 kunlik hujumi yuqori iqtisodiy xarajatlarga, jumladan, yalpi ichki mahsulotning pasayishi va davlat xarajatlarining oshishiga olib kelganidan ogohlantirdi.
Xarajatlarning asosiy qismi, ya’ni taxminan 22 milliard shekel Isroil mudofaa kuchlari, Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik vazirligi va boshqa xavfsizlik idoralari uchun harbiy sarf-xarajatlarga yoʻnaltirilgan. Bu mablag‘ harbiy texnika sotib olish va zaxiradagi kuchlarni safarbar etishga sarflangan. Moliya vazirligi ushbu summa 2026-yilgi davlat byudjeti doirasida Mudofaa vazirligiga ajratilganini bildirdi.
“Moliya vazirligi faoliyati va mamlakat iqtisodiyotini mas’uliyat bilan boshqarish keng ko‘lamli operatsion muvaffaqiyatning hal qiluvchi omili bo‘ldi. Moliya vazirligi xodimlari frontdagi yirik muvaffaqiyatlarimizga va Eronga qarshi erishgan ulkan yutuqlarimizga to‘laqonli sherikdir”, dedi moliya vaziri Betsalel Smotrich.
Harbiy harakatlar koʻlami
28-fevralda boshlangan janglar davomida Isroil harbiy-havo kuchlari Eronga 18 000 dan ortiq bomba tashladi, 4000 dan ziyod nishonga, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, ballistik raketalarni uchirish qurilmalari, qurol ishlab chiqarish obyektlari, yadroviy inshootlar, turli shtab-kvartiralar, harbiy qo‘mondon va rahbarlarga qarshi 10 800 dan ortiq alohida zarbalar yoʻlladi.
Eron bilan urushning dastlabki kunlarida Isroil armiyasi mamlakat bo‘ylab barcha ommaviy tadbirlarni taqiqladi. Strategik korxonalardan tashqari barcha iqtisodiy va ta’lim faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga ko‘rsatma berdi.
Taxminan bir haftadan so‘ng ish joylariga oid cheklovlar yumshatilgan bo‘lsa-da, maktablar yopiqligicha qoldi. Bu esa xodimlarni uydan ishlashga majbur qildi. Ko‘pchilik Eronning javob zarbalari sabab bombapanohlar yaqinida qolishni afzal ko‘rdi.
Janglar davomida Eron Isroilga 650 ga yaqin ballistik raketa uchirdi. Moliya vazirligi hukumatning kompensatsiya rejalari uchun 12 milliard shekel ajratdi. Bu mablag‘ raketadan ko‘rilgan zararlarni qoplash, daromadi kamaygan tadbirkorlik subyektlariga yordam berish va majburiy ta’tilga chiqarilgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflandi.
Yana taxminan 1 milliard shekel fuqarolik ehtiyojlariga, jumladan, shifoxonalar faoliyatiga, favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatishga va jabrlanganlarni davolashga yoʻnaltirildi.








