Daryo

Gulchehra Sa’dullayeva 76 yoshda: o‘z kumiriga turmushga chiqqan, kasbi tufayli farzandidan ayrilgan va “Shum bola”dagi rolidan uyaladigan aktrisa haqida

Gulchehra Sa’dullayevaning onasi qizining jurnalist bo‘lishini orzu qilgan.

10 daqiqa o‘qish7 524 ko‘rishlar0 izoh3

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Sa’dullayeva 76 yoshni qarshi oldi. O‘z davrining eng go‘zal va mahoratli aktrisasi sifatida minglab muxlislar ko‘nglidan joy olgan san’atkorning hayot yo‘li faqatgina olqishlardan iborat emas. Aktrisaning tavalludi munosabati bilan uning hayoti va ijod yo‘liga nazar tashlaymiz. 

Gulchehra Sa’dullayeva 1950-yil 12-aprel kuni Toshkent shahrining “Kamolon” mahallasida Hamidulloh aka xonadonida dunyoga kelgan. 

“Onam 28 yoshida beva qolgan”

Foto: skrinshot

—Juda baxtli oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lib dunyoga kelganman. Abdulla Qodiriyning xoki to‘kilgan joy—“Kamolon” mahallasida tug‘ilib-o‘sganman. Mendan keyin Shoira singlim, undan keyin ukam Baxtiyor tug‘ilgan. Ammo hayotimiz birdan qorong‘ilashdi. Olti yoshga to‘lganimda otam rahmatli vafot etdi. Onam sho‘rlik esa uch bola bilan 28 yoshida bevalik to‘nini kiydi. Onajonim bizlarni u qadar yaxshi hayot bilan ta’minladi, demayman. Ammo otam juda katta ishda ishlagan bo‘lgan. Otam vafotidan keyin onam dovdirab qolmadi. Fabrikada ishlab, yemay-ichmay uch farzandni katta qildi.

Onam kun bo‘yi ishda bo‘lardi, biz esa Oliya buvim bilan uyda qolardik. Har kuni uyimizga notanish ayollar kelishi e’tiborimni tortardi. Onam ishdan qaytgach, “Nega uyga kiritdingiz”, deb yig‘lardi. Bola ekanman buning sababini tushunmasdim. Keyin bilsam notanish ayollarning bari sovchilar ekan. Ammo onam ularning hech biriga rozilik bermadi. “Turmushga chiqmayman, hayotimni farzandlarimga bag‘ishlayman”, degan gaplarining mag‘zini ancha kech tushundim, — deydi aktrisa Gulchehra Sa’dullayeva.

“O‘yinchoq fabrikasida ishlaganman”

Gulchehra Sa’dullayeva bolalikda tortinchoq va nihoyatda uyatchan qiz bo‘lgan. Bu fe’li uchun onasidan ko‘p tanbeh eshitgan aktrisa nimalarga qodirligini isbotlash uchun kitobga mehr qo‘yadi. Kitob uning nafaqat ilmini, balki nutqini ham rivojlantiradi.​

Foto: skrinshot

— Onam rahmatli “Katta bo‘lganda hech bir kasbning etagidan tutolmaysan”, degan gapni ko‘p gapirardi. U inson nihoyatda mehribon bo‘lgani bilan tarbiyamizga jiddiy e’tibor berardi. Shu boisdanmi tanbehlarini ham ko‘nglimga og‘ir olmasdim, aksincha nimalarga qodir ekanligimni isbotlashga harakat qilardim. Onam o‘yinchoq fabrikasida ishchi edi. Uch oylik kanikulda “Men ham ishlayman”, deb fabrikaga ishga qatnardim. Oltinchi sinfimdan boshlab yozgi ta’tilni fabrikada o‘tkazganman. Onamga qo‘shilib, qo‘g‘irchoqlarga ko‘z-qosh chizardim, — deydi aktrisa.

“Oy nurida Qodiriy kitoblarini o‘qir edim”

—14 yashar paytimda bir qo‘limda Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon”inini tutgancha,  bir qo‘limda supurgi bilan hovli supurardim. Shu sabab buvimdan gap eshitib, kaltak ham yeganman. Ular soat kechki 10dan keyin shartta chiroqni o‘chirib qo‘yardi. “Ertaga maktabga borishing kerak, kitobingni yig‘ishtir”, derdi. Qodiriy kitoblarini sevib o‘qir edim. Buvimning menga rahmi kelib, “ertaga ko‘zoynak taqib, shunaqa xunuk qiz bo‘lasan. Hech kim seni kelin qilmaydi”, deb qo‘rqitardi. Shundan so‘ng har kuni kechki payt buvimning uxlashini kutib, soat 12 dan so‘ng derazadan oshib tushib, hovlimizdagi supacha ustiga chiqib, oy nurida Qodiriy kitoblarini o‘qib o‘tirardim.

“Onam jurnalist bo‘lishimni istagan”

Gulchehra Sa’dullayevaning onasi qizining jurnalist bo‘lishini orzu qiladi. Qiz esa jurnalistlik bilan birga tibbiyot sohasiga qiziqadi. Ammo maktabdan teatrga qilingan birgina sayohat uning kasb tanlash haqidagi rejalarini o‘zgartirib yuboradi. U “Alisher Navoiy” spektaklini ko‘rib, aktrisa bo‘lishga ahd qiladi. Albatta, bu uning onasi va buvisiga ma’qul kelmaydi.​

Foto: skrinshot

— Onamga yolg‘on gapirganim uchun haligacha vijdonim qiynaladi. Chunki onamga O‘zbekiston Milliy universitetiga hujjat topshiryapman deb to‘g‘ri san’at oliygohiga borganman. Ijodiy imtihonlardan a’lo baholarga o‘tganimdan keyin insho yozishimiz kerak edi. Insho yozganimizdan keyin imtihon olgan dotsent domlamiz “Qiz a’lo baholarga o‘qigan ekansan, abituriyentlarning inshosini tekshirib yubormaysanmi?” degan. Xursand bo‘lib, qizil ruchkada xatolarni izlab o‘tirsam eshik zarb bilan ochilib, titrab onam kirib kelgan. “Uyalmaysanmi, senga shunaqa tarbiya berganmidim”, deganida tamom bo‘lganman. Keyin bilsam abituriyent qog‘ozim uyda qolib ketgan ekan. Onam avvaliga san’at oliygohida o‘qishimga jiddiy qarshilik qilgan. Ustozlar o‘rtaga tushishganidan keyin rozi bo‘lgandi, — deydi aktrisa.

“Tasodifan rolga tasdiqlanganman”

Gulchehra Sa’dullayevani chin ma’noda baxtli aktrisa deyish mumkin. Chunki u barcha aktrisalar orzu qiladigan rollarni hali o‘qib, tajriba orttirmay turib ijro etgan.​

Foto: skrinshot

— Institutdagi dugonam televideniyeda kasting bo‘layotgani haqida aytib qolgan. Bir marta bo‘lsa ham televideniyeni ko‘ray deb unga hamroh bo‘lganman. O‘shanda turkman yozuvchisining asari asosida 4 qismli badiiy film suratga olinayotgan ekan. Tasodif sabab, rolga tasdiqlanganman. U rol juda mashhur bo‘lib, odamlar og‘ziga tushgan. Uni rejissyor Yo‘ldosh A’zamov ham ko‘rib “Shu qizni ham kastingga olib kelinglar”, debdi. Chunki u “O‘tkan kunlar” filmini suratga olishni rejalashtirib yurgan ekan. Kastingga borsam birgina Zaynab roliga 350 dan ortiq nomzod kelibdi. Vodiydan sochlari uzun, qoshlari qalin, oppoq qizlar kelishganki, Abdulla Qodiriy Zaynabni qanday tasvirlagan bo‘lsa xuddi shunday. Men esa Kamolonning oddiy qoramag‘iz qiziman. Xullas, hamma qatori kasting topshirdim va yakunida rolga tasdiqlanganimni aytishdi. Shunday quvondim, uni so‘z bilan tasvirlab berolmayman, — deydi aktrisa.

“Rejissyorning talabini eshitib yig‘lab yubordim”

“O‘tkan kunlar” filmining suratga olish ishlari Shohimardonda bo‘lib o‘tgan. Yosh va tajribasiz Gulchehra Sa’dullayeva mashhurlar sabab o‘zini boshqa sayyoraga tushgandek his qilgani va rejissyorning talabini eshitib yig‘lab yuborgani haqida aytib berdi.

Foto: skrinshot

​— Haqiqatan ham filmdagi eng tajribasiz aktrisa o‘zim edim. Ovqat payti ham laganga qo‘l cho‘zmay, aktrisalardan ko‘zimni uzmasdim. Ularning gapirishidan tortib, o‘zini qanday tutishi ham menga qiziq edi. Ammo bir sahnada suratga tushishim juda qiyin kechgan. Yo‘ldosh A’zamov Zaynab Otabekni sog‘inib, yuzidan bo‘sa olishi kerakligini aytgan. Buvimning “Sen qiz bolasan, yuzimni yerga qaratmagin”, degan gaplari yodimga tushib bu sahnada suratga tushmayman, deb oyoq tirab olganman. Rejissyorning jahli chiqib “Sen aktrisasan”, deganida “Yo‘q oddiy ishchi bo‘laman, ammo bunday qilmayman”, deb turib olganman. Keyin O‘zbekoyim rolini ijro etgan aktrisa Maryam Yoqubova “Mayli kiyimlaringni yechib menga ber, o‘zim o‘ynayman”, degan. Rolni qizg‘andimmi bilmadim, ming xijolat bilan shu sahnada suratga tushdim, — deydi aktrisa.

“Zaynab sabab onamdan kaltak yeganman”

Kadrda Zaynab qiyofasi yanada chiroyli ko‘rinishi uchun rejissyor grimyordan Gulchehra Sa’dullayevaning qoshlarini tartibga keltirishni so‘raydi. Ammo bu jarayon aktrisaga juda qimmatga tushadi.

Foto: Instagram / @muqaddas_sadullayeva

— Qoshimni terishgan, buni ko‘rib onamning shunaqa jig‘ibiyroni chiqqanki asti qo‘yaverasiz. Rosa ta’zirimni yeganman. Chunki onam va buvim sochlarimni kesishga, qosh terib, pardoz qilishga yo‘l qo‘yishmasdi, — deydi aktrisa.

“Aktyor bo‘lganimga pushaymon bo‘ldim”

—Bir kuni shifokor bo‘lmay aktrisa bo‘lganimga juda qattiq pushaymon bo‘ldim. Onajonim sakkiz yil yurolmay yotib qoldi. Bu paytda ularning yonidan hech qimirlamasdim, ishga ham borgim kelmasdi. Bir kuni onamning oyoqlarini uqalab o‘tirarkanman, ulardan shifokor bo‘lmay aktrisa bo‘lganim uchun kechirim so‘radim. “Balki sizning aytganingizga kirib shifokor bo‘lganimda, zo‘r professor doktor bo‘lib, hech qachon yotib qolishingizga qarab turmasdim”, dedim. Lekin o‘shanda onam aktrisa bo‘lganim uchun birinchi marta mingdan ming rozi ekanini aytgan edi. 

“Bolalikda turmush o‘rtog‘imning muxlisi bo‘lganman”

Gulchehra Sa’dullayeva bolalikdan turmush o‘rtog‘ining ijodiga qiziqqani, unga bir necha marta maktub yozib, ilk “uchrashuv”ga ham o‘zi taklif qilgani haqida so‘zlab berdi.​

Foto: Instagram

— Rahmatli turmush o‘rtog‘im juda ko‘p qizlarning kumiri bo‘lgan. Barcha qizlar qatori men ham uning ijodiga befarq emasdim. Sakkizinchi sinfda sinfdosh qizlar yig‘ilib, u kishiga xat yozadigan bo‘ldik. Husnixatim chiroyli bo‘lgani uchun xatni men yozdim. “Ijodingizni hurmat qilamiz”, deb bir necha marta xat yozgandan keyin maktabda spektakl sahnalashtiradigan bo‘ldik. Qizlarning xohishiga ko‘ra Lutfulla Sa’dullayevni spektaklga taklif etadigan bo‘ldik. Taqdirning tuhfasini qarangki, ishi ko‘p odam ham spektaklimizga kelib, aytilgan vaqtda maktabimizga kelgan, — deydi Gulchehra Sa’dullayeva.

“Ota-onalarimiz oila qurishimizga qarshi bo‘lishgan”

Ikki yoshning muhabbat tarixi juda qiziq kechgan. Avvaliga kuyovning otasi aktrisani kelin qilishni istamagan. Keyinchalik Gulchehra Sa’dullayevaning onasi “Artistga beradigan qizim yo‘q”, deb u yuborgan sovchilarni qaytargan.

— Qaynotam rahmatli jiddiy, aytganini qiladigan odam bo‘lgan. Avvaliga meni kelin qilishni istamagan. Keyin ko‘chada meni ko‘rib qolib, “Uylansang ham faqat shu qizga uylanasan”, degan. Qaynonam sovchilikka kelganida esa onam rad javobini bergan. Uyalib onamga dilimdagilarni aytolmay qiynalib yurganimda bir guruh teatr aktyorlari sovchilikka kelishgan. Ular sabab onam to‘yimizga rozi bo‘lgan, — deydi aktrisa.

“Shum bola’ sabab oilam izdan chiqishiga sal qolgan”

Aktrisa “Shum bola” filmida garchi epizod rolni ijro etgan bo‘lsa ham keyinchalik filmdagi ishtirokini hayotidagi eng noxush davr sifatida esda qolganini aytadi.

—Aslida bu filmda suratga tushganim hayotimdagi eng noxush paytim bo‘lsa kerak. Bu kinoni baxtli hayotimga qizil chiziq tortgan deya olaman. Shum bolaning qo‘li tandirdan chiqib, oshga cho‘zilgandagi sahnasida partnyorim Lutfulla aka bo‘lishi kerak edi. Rejissyor ikkimizni tasdiqlagan edi. Ammo Lutfulla aka boshqa filmdagi bosh roli sabab uch oyga syomka uchun vodiyga ketib qolgan. Shundan so‘ng ularga o‘xshab ketgani uchun partnyorim roliga Yoqub akani olishgan. 

Foto: Instagram/@muqaddas_sadullayeva

Dublyajda qahramonimga ovoz berishga ruxsat berishmagan. O‘rnimga Shukurjon Safoyeva o‘zimga o‘xshatib ovozlashtirgan. Shuning uchun nimalar bo‘lgan bilmas edim. Film tayyor bo‘lganda qo‘limga 20 tacha chipta berishgan. Soddalikni ko‘ringki, film chiptalarni do‘st-dushman, demay hammaga tarqatib chiqibman. Bir payt kino zalda o‘tiribmiz. Mening sahnam boshlandi. Ko‘rib “voy, unaqa emasdi-ku” deb o‘zimga o‘zim gapirib o‘tiribman. Shu payt Lutfulla aka “tur yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma”, dedi. Qo‘rqib ketdim va darrov zaldan chiqib ketdim. O‘shanda film dublyaji tugagandan keyin borib tekshirmaganim xatoyim bo‘lgan ekan, deydi aktrisa. 

“Turmush o‘rtog‘imdan tarsak yegan kun”

O‘n sakkiz yoshida kelinlik ostonasiga qadam qo‘ygan Gulchehra Sa’dullayeva bolalik qiliqlari sabab turmush o‘rtog‘idan tarsaki yeganini kulib eslaydi.

Foto: Instagram / @muqaddas_sadullayeva

— Men kelin bo‘lganimda Tuyg‘unbek ismli qaynim 12 yoshlik bola edi. U bilan xuddi o‘rtoqdek qadrdon edik. Ovqatlanib bo‘lgandan keyin idish-tovoqlarni yuvib birga voleybol o‘ynardik. Bir kuni qalin qor yog‘di. Qaynilarim bilan chana uchragani chiqadigan bo‘ldik. U paytlari Lutfulla Sa’dullayev to‘ylardan juda kech qaytardi. Qaynilarimga birov ko‘rsa uyat deydi desam “Akamning paltosi bilan telpagini kiyib oling”, deyishdi. Ular aytgandek qilib, qiyqirib chana uchayotsak turmush o‘rtog‘im kelib qolgan va chekkaga olib yuzimga tarsaki tushirgan. Keyinchalik bilsam u o‘z ukalaridan ham meni qizg‘angan ekan, deydi Gulchehra Sa’dullayeva.

“Rol sabab homilamni qurbon qilganman”

Gulchehra Sa’dullayeva san’atning haqiqiy fidoyisi bo‘lgan. Hatto, u intervyularining birida fidoyilik sabab homilasidan ayrilgani va buning uchun haligacha kechalari yig‘lab chiqishi haqida aytib bergandi.

Foto: Instagram / @muqaddas_sadullayeva

— “Oygul va Baxtiyor” spektaklida Oygul rolini ijro etganman. Partnyorim turmush o‘rtog‘im edi. Premyera kuni barcha ustoz san’atkorlar kelishgan, biz ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. O‘shanda qornimda 7 oylik homilam bor edi. Ammo bu haqida hech kimga aytmagandim. Qahramonimning erkaklarga xos sovutlari sabab atrofdagilar ham bu haqida bilishmagandi. Xullas, Baxtiyor bilan qilich tushadigan sahnada oyog‘im toyib qornim bilan yerga yiqilganman. Birdan tobim qochib, parda tushirilgan. Teatr rahbari ahvolimni ko‘rib spektaklni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. “Yo‘q oxirigacha o‘ynayman”, deb bir amallab rolni ijro etganman. Sahna yopilishiga tez yordam mashinasi kelib, tug‘ruqxonaga olib borishgan. Afsuski, zarb ta’sirida homilam nobud bo‘lgan ekan. Chiroyli qizalog‘imga Oygul deb ism qo‘yganmiz. Bu fidoyiligim uchun o‘zimni kechirmayman. Kechalari yig‘lab chiqqan paytlarim ham ko‘p bo‘lgan. Rol uchun bolamni qurbon qilganimdan afsuslanaman, deydi aktrisa.

Foto: Instagram / @muqaddas_sadullayeva


“Fathulla Mas’udovni farzandlarimdan ham a’lo ko‘rardim”​

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Sa’dullayeva kuyovini xotirlab, hatto uni o‘z farzandlaridan-da a’lo ko‘rganini aytadi.​ Televideniye telekanallarining birida marhum aktyor Fathulla Mas’udovga bag‘ishlangan sonida Gulchehra Sa’dullayeva kuyovi bilan bog‘liq bir voqeani quyidagicha hikoya qilib beradi.

—Hayotda har xil kunlar bo‘ladi. Baxtli kunlarda ham insonlar ichida aytolmagan dardlari, kechinmalari yig‘ilib qoladi. Odatdagiday bosh qahramonlarni teatr, kinolarda ijro etib yurgan kunlarimning birida burnimning tepasidan kichik xolga o‘xshash narsa chiqdi. Lutfulla akaga hindlarga o‘xshab qolganimni quvonib aytdim. Lutfulla aka tushunarkanlar. Darrov Fathullajonni chaqirib, ikkovlari gaplashishdi. Bir payt Fathulla hamma ishini tashlab meni mashinasiga o‘tkazib onkologik shifoxonaga olib keldi. Nega bu yoqqa kelganimizni so‘rasam “Bir do‘stim bor, shuni oldiga keldik, sizni tanishtirmoqchiman unga”, dedi. O‘shanda burnimning tepasidagi xolni meni aldab-avrab olib tashlashdi. U paytlar endi 35 dan oshgan vaqtlarim edi. Oradan ozroq vaqt o‘tib, yana shunga o‘xshash voqea bo‘lgandi.

Foto: Instagram

O‘zimning o‘g‘lim Sarvarbek ham hatto bilmasdi buni. Fathullajon keldi oldimga, “Yana bir do‘stim bor, sizni ko‘rmoqchi ekan” deb doktor yoniga olib bordi. Garchi soppa-sog‘ bo‘lib yurgan bo‘lsam-da, meni zudlik bilan operatsiya qilishlari kerak ekan. Bu yoqda serial boshlab qo‘yilgan, unda bosh qahramonman. Shularni aytsam, doktor “Mayli unda noqulay bo‘lsa ham aytaman, tezlik bilan farzandli bo‘lishingiz kerak, yoki zudlik bilan ko‘kragingizni olib tashlaymiz”, dedi. Bu gaplarni turmush o‘rtog‘im ham bilmaydi hali. O‘zim ham buni eshitib, qotib qolganman. 19 yoshimda katta qizim Gulira’noni, 20 yoshimda o‘g‘lim Sarvarjonni dunyoga keltirganman. Fathulla sabab bo‘lib davolanib, 40 yoshda Muqaddasxonni qiyinchilik bilan dunyoga keltirganman. Agar o‘sha paytda shifokorga olib borishmaganda balki hozirgacha yashab yurgan bo‘lmasmidim”, deydi aktrisa.

Qashqadaryo viloyatidanman. 2024-yilda Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yildan buyon Lifestyle tahririyati muxbiri lavozimida ishlayman. Dostoyevskiy asarlarini, Rashod Nuri Guntekinning “Yashil kecha”sini, oʻzbek adabiyotidan “Ikki eshik orasi”, “Muvozanat” asarlarini sevib mutolaa qilaman. “Oq kema”(Chingiz Aytmatov asari), “Yettinchi boʻlmadagi moʻjiza” (Turkiya),“Majnuntol” (Eron) filmlarini yaxshi koʻrib tomosha qilaman.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar