Daryo

Eron Xitoydan tovushdan tez uchuvchi raketalar sotib oladi

Vashington va Tehron o‘rtasidagi ziddiyat cho‘qqiga chiqqan bir vaqtda, Islom Respublikasi o‘z arsenalini Xitoyning eng ilg‘or qurollari bilan kuchaytirishga qaror qildi. Tomonlar o‘rtasidagi shartnoma yakuniy bosqichga kirgan va bu AQSH harbiy kemalari uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

2 daqiqa o‘qish13 332 ko‘rishlar0 izoh20

Eron Xitoydan kemalarga qarshi mo‘ljallangan tovushdan tez uchuvchi qanotli raketalarni sotib olish bo‘yicha kelishuvni yakunlamoqda. Bu haqda muzokaralar jarayonidan xabardor bo‘lgan olti nafar manbaga tayanib  Reuters xabar berdi.

Ushbu kelishuv AQSH Eron qirg‘oqlari yaqinida yirik dengiz flotini joylashtirgan va Islom Respublikasiga ehtimoliy zarbalar berishga tayyorlanayotgan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

CM-302 raketalari: mintaqadagi kuchlar muvozanatini nima o‘zgartiradi?

Xitoyda ishlab chiqarilgan CM-302 raketalarini sotib olish bo‘yicha kelishuv deyarli yakunlangan, biroq yetkazib berish muddati hali aniqlanmagan. Ekspertlarning fikricha, ushbu qurollarning Eronga o‘tishi mintaqadagi harbiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Raketaning texnik ko‘rsatkichlari

Sotib olinishi rejalashtirilayotgan raketalar taxminan 290 kilometr masofadagi nishonni ura oladi. Texnika past balandlikda va juda yuqori tezlikda uchgani bois, kemalardagi havo mudofaasi tizimlaridan osonlikcha o‘tib ketishga mo‘ljallangan.

Isroilning Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti katta ilmiy xodimi Danni Sitrinovichning ta’kidlashicha, ushbu raketalarni tutib olish o‘ta mushkul va ular AQSH harbiy kemalari uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Muzokaralar qachon tezlashdi?

Ma’lum qilinishicha, ushbu qurol tizimlarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar kamida ikki yil avval boshlangan. Biroq 2025-yilning iyun oyida Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urushdan so‘ng jarayon keskin tezlashgan.

O‘tgan 2025-yilning yozida Eron mudofaa vaziri o‘rinbosari Mas’ud Oroiy boshchiligidagi yuqori martabali delegatsiya Pekinda bo‘lgan. Oroiyning ushbu tashrifi haqida ilgari OAVda xabar berilmagan edi.

Xalqaro munosabatlar va sanksiyalar

Ushbu kelishuv 2006-yilda BMT tomonidan o‘rnatilgan va 2025-yilning sentyabr oyida qayta tiklangan qurol embargosiga zid hisoblanadi. AQSH ma’muriyati ushbu muzokaralar haqida berilgan savollarga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermadi. Oq uy rasmiysi prezident Donald Trampning pozitsiyasini eslatib o‘tdi:

“Yo kelishuvga erishamiz, yoki o‘tgan safargidek juda qattiq choralar ko‘rishga majbur bo‘lamiz”.

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili esa Tehron o‘z ittifoqchilari bilan harbiy va xavfsizlik shartnomalariga ega ekanini hamda hozir ushbu kelishuvlardan foydalanishning ayni vaqti ekanini bildirdi.

Vaziyat qanchalik jiddiy?

Hozirda AQSH Eron yaqinida yirik harbiy kuch to‘plagan. Jumladan, USS Abraham Lincoln va USS Gerald R. Ford aviatashuvchilari mintaqa tomon harakatlanmoqda. Ushbu ikki kema jami 5 000 dan ortiq xodim va 150 ta samolyotni sig‘dira oladi.

Tramp 19-fevral kuni Eronga o‘z yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishish uchun 10 kun muhlat bergan edi, aks holda harbiy chora ko‘rilishidan ogohlantirgan.

Xitoyning China Aerospace Science and Industry Corporation (CASIC) korporatsiyasi CM-302 raketalarini aviatashuvchi va esminetslarni cho‘ktira oladigan dunyodagi eng yaxshi raketalar sifatida reklama qiladi. Shuningdek, Eron Xitoydan havo hujumidan mudofaa tizimlari va sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurollar sotib olish bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar