Daryo

O‘zbekistonda kasbiy mahorat tanlovi o‘tkaziladi

Unda 16–30 yoshdagilar ishtirok etadi. G‘oliblar pul mukofotlari, sertifikatlar hamda qo‘shimcha tayyorgarlik imkoniyatlarini qo‘lga kiritadi.

2 daqiqa o‘qish3 886 ko‘rishlar0 izoh1

Vazirlar Mahkamasining 8-aprel kungi qarori bilan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, tanlov yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, mehnat bozorida raqobatni kuchaytirish hamda ularni yuqori daromadli ish o‘rinlariga yo‘naltirish maqsadida o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblari keyinchalik WorldSkills xalqaro musobaqalariga tayyorlanadi.

Tanlovda 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, texnikum o‘quvchilari, talabalar hamda band bo‘lmagan yoshlar ishtirok etishi mumkin. Har yili 10 ta kasb yo‘nalishi tanlanadi va ishtirokchilar shu yo‘nalishlar bo‘yicha bellashadi.

Musobaqa uch bosqichda o‘tkaziladi: tuman (shahar), hududiy (viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasi) hamda respublika bosqichi. Har bir bosqichda eng yaxshi natija ko‘rsatgan ishtirokchilar keyingi bosqichga yo‘llanma oladi.

Jarayon har yili fevral oyidan boshlanadi: 1-fevralgacha tanlov e’lon qilinadi, 1-martgacha ishtirokchilar ro‘yxatga olinadi, 15-aprelgacha tuman bosqichi o‘tkaziladi. 30-maygacha hududiy, 25-iyungacha respublika bosqichi yakunlanadi. Ishtirokchilar amaliy topshiriqlar orqali baholanadi va maksimal 100 ball to‘plash mumkin. Baholash mezonlariga ishni bajarish sifati, texnika xavfsizligi, muloqot, muammo yechish va kreativlik kiradi.

G‘oliblar pul mukofotlari va sertifikatlar bilan taqdirlanadi, respublika bosqichi g‘oliblari esa xalqaro maydonga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Jumladan tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari va ularga biriktirilgan amaliyot ustozlari BHMning quyidagi miqdorida 1 martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • 1-o‘rin (oltin medal) sohibiga — 20, amaliyot ustoziga — 100 baravari;
  • 2-o‘rin (kumush medal) sohibiga — 15, amaliyot ustoziga — 80 baravari;
  • 3-o‘rin (bronza medal) sohibiga — 10, amaliyot ustoziga — 60 baravari.

Shuningdek, ularga qo‘shimcha o‘qitish va tayyorgarlik kurslari tashkil etiladi. Tanlovni tashkil etish va moliyalashtirish davlat byudjeti, mahalliy byudjetlar hamda boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi, jarayon esa maxsus elektron platforma orqali ochiq va shaffof tarzda yuritiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan 2026-yildan har yili startap loyihaga aylantirish salohiyati yuqori bo‘lgan g‘oyalarni aniqlash bo‘yicha “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkazilishi belgilangan. Tanlov davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘tkaziladi va g‘oliblarga 100 million so‘m grant beriladi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar