Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) JCH-2026 guruh bosqichida Eron terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar manzilini o‘zgartirmaslikka qaror qildi. Bu haqda Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ma’lum qildi.
Meksika rahbarining ta’kidlashicha, FIFA o‘yinlarni dastlab belgilangan manzillardan ko‘chirish imkonsiz degan xulosaga kelgan.
“Tashkilot yakuniy qarorni qabul qildi: o‘yinlar joyi o‘zgarmaydi. Sababi o‘yinlarni boshqa joyga ko‘chirish FIFA uchun juda katta tashkiliy qiyinchiliklarni keltirib chiqargan bo‘lardi”, deydi Sheynbaum.
So‘nggi haftalarda Eronning Jahon chempionatidagi ishtiroki atrofida turli xabarlar tarqaldi. Dastlab mamlakat sport vaziri jamoa turnirda qatnashmasligini e’lon qilgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay Futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj bu ma’lumotni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron boykot niyatida emas, aksincha, FIFA bilan o‘yinlarni Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha muzokara olib bormoqda.
Eron terma jamoasi guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarini AQSH hududida o‘tkazishi belgilangan. Biroq fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagani hamda Tehronning bunga javob zarbalari vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Shunga qaramay, FIFA musobaqa jadvalini o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.
Ma’lumot uchun, Eron terma jamoasi “B” guruhida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan kuch sinashadi. Tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadigan Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadi.








