Londonning Eronga qarshi harbiy amaliyotda ishtirok etishdan voz kechgani sababli AQSH Buyuk Britaniyani jazolamaydi va o‘z qo‘shinlarini Birlashgan Qirollik hududidan olib chiqmaydi. Bu haqda Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili Sky News telekanaliga bergan intervyusida bayonot berdi.
Britaniya harbiy idorasi rahbari jurnalistning AQSH tomonidan “qandaydir qasos choralari”, masalan, 10 minglik harbiy kontingentning qirollik hududidan olib chiqilishi kutilayotgani haqidagi savolga javob qaytargan.
“Yo‘q va buning ikki sababi bor. Birinchidan, bilamizki, prezident Donald Tramp NATOning barcha a’zolari Ukraina masalasi va mudofaa xarajatlari bo‘yicha ko‘proq hissa qo‘shishi kerakligini doimiy va haqli ravishda ta’kidlab keladi. Bizning misolimizda aynan shunday bo‘lmoqda. Ikkinchidan, bizning kuchlarimiz va ittifoqchilarimizni, shuningdek, Amerikaning ayrim amaliyotlari hamda Eronning raketa omborlariga berilgan zarbalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi harakatlarimiz muhim rol o‘ynadi”,
dedi Hili.
Avvalroq Financial Times nashri o‘z manbalariga tayanib, Tramp NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamagan “Yevropa davlatlarini jazolash” bilan tahdid qilgani haqida xabar bergandi.
So‘nggi kunlarda AQSH yetakchisi Yevropadagi ittifoqchilarini, jumladan, Buyuk Britaniyani Tehronga qarshi amaliyotga qo‘shilishdan bosh tortgani uchun keskin tanqid ostiga oldi. Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari Islom Respublikasiga qarshi jangovar harakatlarda AQSH tomonida qatnashishdan voz kechdi. Bunga javoban Tramp yevropalik ittifoqchilarni qo‘rqoqlar deb atab, “buni eslab qolishini” aytdi.
1-mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer London Vashingtonning Erondagi raketa omborlariga zarbalar berish uchun qo‘shma harbiy bazalardan foydalanish haqidagi iltimosini ma’qullaganini ma’lum qildi. Gap Hind okeanidagi Diyego-Garsiya orolidagi baza hamda AQSHning Yevropadagi og‘ir bombardimonchi samolyotlari joylashtiriladigan asosiy maskan hisoblangan Angliyaning Glostershir grafligidagi Ferford aviabazasi haqida bormoqda. Starmerning aniqlik kiritishicha, London Amerikaning zarbalariga qo‘shilmaydi.








