AQSHda tug‘ilish ko‘rsatkichi 2025-yili rekord darajada pasaydi. 2007-yildan buyon mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichlari qariyb 23 foizga kamaygan tendensiya davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda 15 yoshdan 44 yoshgacha bo‘lgan har ming ayolga 53,1 ta tug‘uruq to‘g‘ri kelgan. Bu 2024-yilga nisbatan bir foizga kamdir. Mutaxassislar bu holatni bir qator omillar bilan izohlamoqda. Jumladan, yosh ayollarning hayotiy ustuvorliklari o‘zgarayotgani, yashash xarajatlari, uy-joy va bolani parvarish qilish narxlarining yuqoriligi asosiy sabablar sifatida keltirilmoqda.
Iqtisodiy siyosat instituti Kaliforniya shtatida bolalarni parvarish qilishning o‘rtacha narxini yiliga deyarli 22 ming dollarga baholagan. Alabama kabi yashash narxi nisbatan pastroq bo‘lgan shtatlarda bu ko‘rsatkich deyarli 8 ming dollarni tashkil etadi. Mazkur summani eng kam ish haqi oladigan ishchi 27 haftada topa oladi. Kaliforniyada esa eng kam maosh oladigan ishchi faqat bolalar parvarishi xarajatini qoplash uchun 33 hafta ishlashiga to‘g‘ri keladi.
Uellsli kolleji iqtisodiyot professori Fillip Levin “mehnat bozoridagi talabchan imkoniyatlar, ko‘ngilochar mashg‘ulotlarning ko‘payishi va ota-onalik mas’uliyatining ortishi” kabi omillar farzand ko‘rish istagini kamaytirayotganini aytdi.
Tug‘ilish darajasining pasayishi siyosatchilar e’tiborini ham tortmoqda. Ularning ayrimlari yosh oilalarni farzand ko‘rishga undash choralarini taklif qilmoqda. AQSH prezidenti ma’muriyati tug‘ilishni qo‘llab-quvvatlovchi siyosat yuritishga va’da bergan. 2025-yili ma’muriyat EKU muolajalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishni ilgari surdi. Biroq bunday choralar davlat sog‘liqni saqlash tizimi va boshqa ijtimoiy dasturlarga xarajatlar qisqarishi bilan bir vaqtda amalga oshirilmoqda.
Tramp 2027-moliya yili uchun ijtimoiy xarajatlarni kamaytirish zarurligini ta’kidlab, 1,5 trillion dollarlik harbiy byudjetni himoya qildi. U mavjud federal dasturlarni shtatlar zimmasiga o‘tkazishni taklif qilgan.
“Qo‘shma Shtatlar bolalar bog‘chasini ta’minlay olmaydi. Bu shtatlarning o‘z ixtiyoridagi masala bo‘lishi kerak. Biz katta mamlakatmiz. Biz bir narsani, ya’ni harbiy himoyani ta’minlashimiz kerak”, degan Tramp o‘tgan hafta.
Ma’lumot oʻrnida, 2025-yilda AQSHda tug‘ilgan chaqaloqlar soni ham qariyb bir foizga kamayib, 3,6 million nafarni tashkil etdi.








