Daryo

Isroil “Hizbulloh” yetakchisining jiyanini oʻldirganini e’lon qildi

Marhum Ali Yusuf Harshiy “Hizbulloh” rahbarining shaxsiy kotibi ham bo‘lgan. Naim Qosimning oʻzi 2024-yilda Isroil hujumlarida halok boʻlgan Hasan Nasrullohning oʻrniga guruh rahbari etib tayinlangandi.

1 daqiqa o‘qish3 214 ko‘rishlar0 izoh0

Isroil 4-aprel kuni Bayrutga berilgan aviazarbalarda “Hizbulloh” yetakchisi Naim Qosimning jiyani halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, marhum Ali Yusuf Harshiy “Hizbulloh” yetakchisining shaxsiy kotibi ham bo‘lgan.

“Harshi Naim Qosimning yaqin safdoshi va shaxsiy maslahatchisi bo‘lib, uning idorasini boshqarish hamda xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynagan”, deyiladi Isroil mudofaa kuchlari bayonotida.

Bundan tashqari, Isroil armiyasi “Hizbulloh” jangchilari va qo‘mondonlari foydalangan Litani daryosidagi ikkita muhim o‘tish punktiga zarba berganini ma’lum qildi.

“Bu yo‘llar orqali minglab qurol, raketa va raketa uchirish qurilmalari tashilgan”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Livan janubida “Hizbulloh” tomonidan foydalanilgan qariyb 10 ta qurol ombori, raketa uchirish moslamalari va qo‘mondonlik markazlari ham nishonga olingani aytilmoqda. Isroilning 8-aprel kuni Bayrutga bergan zarbalari oqibatida jami 250 dan ortiq odam halok bo‘ldi.

2024-yilda Isroilning Livanga qilgan hujumlarida “Hizbulloh”ning uzoq yillik yetakchisi Hasan Nasrulloh halok bo‘lgandi. Bu voqea “Hizbulloh”ning HAMASni qo‘llab-quvvatlab, Isroilning chegara hududlaridagi pozitsiyalarini o‘qqa tutishi ortidan yuz bergan.

Nasrulloh o‘ldirilganidan bir oy o‘tib, “Hizbulloh” guruhi 30 yildan ortiq vaqt davomida yuqori bo‘g‘inlarida faoliyat yuritgan Naim Qosimni yangi rahbar etib tayinladi. Ma’lumot uchun, “Hizbulloh” 1982-yilda Livanda Isroilning mamlakat janubidagi harbiy amaliyotlariga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, u Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar