Gaitiga yangi ko‘p millatli kuchlar joylashtirilayotgan bir paytda, xorijiy politsiya va harbiylar kutilmagan muammoga — yuzlab qurollangan bolalarga qarshi turishga majbur bo‘lishi mumkin. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatdagi qurolli guruhlarning qariyb 50 foizini bolalar tashkil qiladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
BMT bosh kotibining bolalar va qurolli mojarolar bo‘yicha so‘nggi hisobotiga ko‘ra, birgina 2024-yilning o‘zida poytaxt Port-o-Prensda kamida 302 nafar bola jinoiy guruhlar tomonidan yollangan va ulardan asosan jangovar harakatlarda foydalanilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yosh bolalarning miltiq ko‘tarib tushgan tasvirlari tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, o‘tgan hafta Artibonit provinsiyasidagi hujum paytida tushirilgan videoda yosh bolaning qurol o‘ynatib, kamera qarshisida turgani, uning ortida esa yoshi kattaroq erkak o‘q uzayotgani aks etgan.
Yaqinda Gaitiga BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan tasdiqlangan “Guruhlarni bostirish bo‘yicha yangi kuchlar” (GSF)ning birinchi bo‘linmalari yetib keldi. Rejaga ko‘ra, ushbu kuchlarning soni 5 500 nafarga yetkaziladi.
“GSF operatsiyalari boshlangach, ko‘plab bolalar guruhlarni tark etishini kutmoqdamiz. Umid qilamizki, ular qurbonga aylanmaydi”, deydi YUNISEFning Gaitidagi bo‘limi rahbari Gita Narayan.
Sabab nima?
Siyosiy tartibsizliklar va iqtisodiy inqiroz Gaitidagi hayotni chidab bo‘lmas darajaga keltirgan. YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda jinoiy guruhlarga qo‘shilgan bolalar soni 200 foizga oshgan. Bunga bir qator sabablar mavjud. Masalan, Village de Dieu kabi guruhlar yetakchilari (xususan, Izo ismli rahbar) YouTube’da jozibador musiqiy videolar orqali boylik, tilla va hashamatli hayotni reklama qilib, bolalarni o‘ziga chorlamoqda.
Shuningdek, uy-joysiz va och qolgan bolalarga jinoiy guruhlar oziq-ovqat va boshpana berishni va’da qilmoqda. BMT hisobotiga ko‘ra, bolalarga politsiyani kuzatish yoki uylarni talon-toroj qilish kabi vazifalar uchun oyiga 100 dollardan 300 dollargacha, katta missiyalar (odam o‘g‘irlash, qurolli to‘qnashuv) uchun esa 700 dollargacha haq to‘lanadi.
Ayrim ota-onalar oilani himoya qilish ilinjida farzandlarini o‘z ixtiyori bilan jinoiy guruhlarga topshirsa, boshqalari o‘g‘irlab ketilmoqda.
Hozirda Gaitida 1,4 milliondan ortiq odam boshpanasiz qolgan. Maktablar va shifoxonalar kulga aylangan. Jahon oziq-ovqat dasturi rahbari Vanja Kaariyaning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik choralari gumanitar yordam bilan birga olib borilishi shart.
“Odamlar och qolar ekan, to‘liq tinchlikni tasavvur qilib bo‘lmaydi”, deydi u.
Ekspertlar yangi xalqaro kuchlar ko‘chalarda bolalar bilan yuzma-yuz kelishidan xavotirda. 2022-yildan buyon kamida 30 nafar bola (ayrimlari hatto 10 yoshli) politsiya yoki mahalliy guruhlar tomonidan jinoiy to‘dalarga aloqadorlikda ayblanib, sud qilinmasdan qatl etilgan.
YUNISEF GSF kuchlarini bolalar bilan to‘qnashganda maxsus protokolga amal qilishga chaqirmoqda. Unga ko‘ra, qo‘lga olingan bolalar zudlik bilan ijtimoiy himoya agentliklariga topshirilishi kerak. Hozircha YUNISEFning Prejeune dasturi orqali 500 dan ortiq bola jamiyatga qaytarilgan, biroq ularning chuqur ruhiy jarohatlarni yengib o‘tishi qiyin kechmoqda.








