Ukraina Rossiya boshlab bergan urushni to‘xtatish va ukrainalik bolalarni vatanga qaytarish ustida ishlamoqda. Bu haqda BMT tashkil etilganining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
“Biz Rossiya agressiyasini unutmaymiz. Urushni to‘xtatish uchun bor kuchimizni sarflamoqdamiz. Bolalarimiz uchun uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida ishlamoqdamiz”, degan Ukraina prezidenti.
U, shuningdek, bu yo‘lda xalqaro sheriklik va yordam muhimligini ta’kidlagan:
“Uzoq muddatli xavfsizlikni kafolatlash uchun ko‘mak zarur. Ishonamanki, bu diplomatik hafta davomida qo‘llab-quvvatlash va yordamga erishamiz”.
Prezident matbuot xizmati bayonotiga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi birinchi xonim Yelena Zelenskaya bilan birga “Ukraina bolalarini qaytarish bo‘yicha koalitsiya” yetakchilari sammitida hamda “Qrim platformasi” yig‘ilishida qatnashmoqda.








